Ozarbayjon xalqaro banki (ABB) joriy yilning ikkinchi yarmida Davr Bank aksiyalarining 51% ini sotib oladi. Bu haqda bugun ABB Boshqaruv raisi Abbas Ibragimov ma‘lum qildi, deb xabar bermoqda Trend nashri.
Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin ABB O‘zbekiston bozorida faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston bozorida xususiy bank aksiyalarining nazorat paketini sotib olish bo‘yicha muzokaralar ijobiy yakunlangan.
“Biz aksiyalarining nazorat paketini sotib olmoqchi bo‘lgan bank O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri bo‘lib, Davr Bank deb nomlanadi. Umid qilamizki, agar biz ruxsatnomalar olish va rasmiylashtirish jarayonlarini tezda yakunlay olsak, mamlakatimizning xalqaro bank brendi ABB joriy yilning ikkinchi yarmida O‘zbekiston bozorida ABB Davr Bank nomi bilan taqdim etila boshlaydi”, — degan u.
Abbas Ibragimovning qo‘shimcha qilishicha, ABB Davr Bank aksiyalarining 51% iga egalik qiladi.
Shuningdek, Banco.az nashri xabariga ko‘ra, ABB O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish uchun bankka $100 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Davr-bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki 2001-yil 29-sentabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bankning eng yirik ulushi — 46,9% Ubayev Lutfulla Xayrullayevichga tegishli. Shuningdek, Ubayeva Maxfuza Abdumalikovna 13,5%, Raxmatullayeva Durdona Lutfullayevna 9,9% hamda Mirzayatov Mirkodir Mirsagatovich 9,8% ulushga egalik qiladi.
Spot, avvalroq, Asakabank‘ni xususiylashtirish jarayoni tezlashtirilishi haqida yozgandi.