Prezidentning Asakabank aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, bank faoliyati bozor tamoyillari, zamonaviy bank amaliyoti hamda xatarlarni boshqarish tizimi talablari asosida qayta tashkil etiladi.
Barcha bank operatsiyalari bankning ichki siyosati asosida tijorat mezonlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Shuningdek, bankning asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan hamda qo‘shimcha yuk bo‘lib kelgan har qanday vazifa va faoliyat turlarini bajarish to‘xtatiladi.
Qarorga asosan, aktivlar sifatini tahlil qilish natijalari hisobga olinib, bank aksiyalarining nominal qiymatini bozor qiymatiga moslashtirishda yuzaga keladigan tafovut bankning qo‘shilgan kapitaliga yo‘naltiriladi.
2025-yilning dekabrida YTTB Asakabank aksiyalarining 15% ini sotib olishi haqida xabar berilgandi. Hukumat bilan imzolangan tijorat shartlari to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra, YTTB 2026-yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kiradi.
16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasida mamlakat 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirishni rejalashtirmayotgandi. 2030-yilgacha beshta davlat bankini sotish vazifasi qo‘yilgan, biroq xususiylashtirishning boshlanishi 2027-yilga qoldirilgandi.
Bundan avval Asakabank boshqaruv raisi Qudratilla Tulyaganov Olmazor tumani hokimi bo‘lgandi.
Spot, avvalroq, Janubiy Koreyaning Shinhan Banki O‘zbekistonda sho‘ba bankini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.