Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorida keltirilishicha, 2026-yil oktabr oyida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali qariyb 3 ming respondent ishtirokida jamoat transporti faoliyati bo‘yicha so‘rov o‘tkazilgan.
Unda qatnashganlarning 60,5% i jamoat transportidan har kuni foydalanishini bildirgan. Respondentlarning 52% i so‘nggi ikki yilda poytaxt transport tizimida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholagan, 79% i esa tizimni umuman olganda “qulay” va “juda qulay” degan.
Bundan tashqari, tahlilda fuqarolarning kundalik turmush tarzi, mehnat faoliyati va ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan tizimli kamchiliklar va yechimini kutayotgan ayrim masalalar aniqlandi.
Xususan, ishtirokchilarning 85,4% i ertalabki (
07:00—09:30 ) va kechki (17:00—19:30 ) tig‘iz vaqtlarda avtobus va metro yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi va haddan tashqari tiqilinchlik yuzaga kelayotganini qayd etgan.
Avtobus yo‘lovchilarining 47,5% i, metro yo‘lovchilarining esa 50,6% i eshiklar zo‘rg‘a yopilishi va ko‘pchilik yo‘lovchilar bekatda qolib ketishiga duch kelgan.
Bunday holatlar Yangihayot (91,3%), Yashnobod (89,8%), Sergeli (88,3%) va Uchtepa (87,5%) tumanlarida eng ko‘p qayd etilgan.
Shu bilan birga, respondentlarning 32% i jamoat transportini 20 daqiqadan ortiq kutishini bildirgan. Qatnov jadvallariga rioya qilinmasligi, kechikishlar, avtobuslarning ketma-ket kelishi va dispetcherlik nazoratining sustligi ham muammolar qatorida qayd etilgan. Respondentlarning 46,9% i bu kamchiliklar Uchtepa va Yashnobod tumanlarida ko‘proq uchrashini bildirgan.
Avvalroq Spot Toshkentning yana to‘rtta qismida avtobuslar uchun 17,9 km uzunlikdagi BRT yo‘laklari qurilishi haqida yozgan edi.