Poytaxtda isitish va issiq suv tariflari 30% ga oshirilishi mumkin
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqqan qaror loyihasi bilan Toshkentda isitish va issiq suv tariflarini qariyb 30% ga oshirish taklif etildi. Bu bo‘yicha muhokamalar 28-oktabr kuni yakunlangan. Uni hukumat tasdiqlashi kerak.
Loyihaga ko‘ra, markaziy isitish tarifi kuniga 1 kvadrat metr uchun 241,44 so‘mdan 314 so‘mga, hisoblagichli issiq suv narxi esa 1 kub metr uchun 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mga ko‘tarilishi mumkin.
Aholi uchun 1 Gkal issiqlik energiyasi narxini 156 643 so‘mdan 203 636 so‘mga oshirish taklif etilgan. Biroq hisoblagichsiz issiq suv uchun oylik to‘lov bir kishi uchun 52 303 so‘mdan 45 330 so‘mga kamayishi mumkin.
Bundan tashqari, aholi uchun isitish tariflarini har yili 10% ga oshirib borish ko‘zda tutilgan. 2028-yildan boshlab aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-maydan inflyatsiyaga qarab indeksatsiya qilish taklif etildi.
Aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi suyultirilgan gazning aholi uchun chakana narxini 1-noyabrdan bir kilogramm uchun 2 000 so‘mdan 5 000 so‘mga oshirishni taklif qildi. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, jarayon 28-oktabr kuni yakunlandi.
Loyihaga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga xarid qilingan gazning har kilogrammi uchun 3 000 so‘m kompensatsiya beriladi. To‘lov oyiga ko‘pi bilan 20 kg gaz uchun, ya’ni 60 ming so‘mgacha bo‘ladi. Yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalar va belgilangan mezonlarga mos boshqa ehtiyojmand oilalarni qamrab oladi.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, kompensatsiya taxminan 220 ming abonentga berilishi, buning uchun 158 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2027-yil 1-maygacha gaz narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi
Noyabr oyida isitish mavsumida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, shuningdek, Mahalla yettiligi xulosasi va elektron tekshiruv asosida ehtiyojmand deb topilgan xonadonlarga beriladi. Bunda oilaning daromadi, mol-mulki va avtomobili mavjudligi hisobga olinadi. Yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yetim bolalar yashaydigan oilalar ham yordam oluvchilar qatoriga kiradi.
Qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilganda boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan a’zosi yoki uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxsi bor, shuningdek, bir xonadonda uch va undan ortiq oila yashaydigan oilalarga ustuvor e’tibor qaratiladi.
Mablag‘lar 2026-yil 30-noyabrgacha Baraka ijtimoiy kartalariga o‘tkaziladi. Yordam olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini yoki tuman Inson ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilish mumkin.
Pensionerlarga bank kartasi Face ID orqali ochiladi
Markaziy bank joriy yilning 1-noyabridan pensionerlarga bank kartasi ochish bilan bog‘liq xizmatlarni fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) orqali amalga oshirish tartibini joriy etadi.
Ayrim fuqarolarga pensiya avtomatik tayinlanadi
Yoshga doir pensiya umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil oldin avtomatik tayinlanadi. Buning uchun fuqaroning murojaat qilishi talab etilmaydi. Ushbu chora korxona qisqartirilishi yoki yopilishi sababli ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga taalluqli.
Bunday holatda ishdan bo‘shatilgan erkaklarga 58 yoshdan, ayollarga esa 53 yoshdan pensiya tayinlanadi. Shu bilan birga, fuqaro pensiyani avtomatik tayinlashdan bosh tortish huquqiga ega.
Bundan tashqari, zararli ishlab chiqarishlarda ishlagan xodimlar va muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega boshqa fuqarolar imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.
Biznes uchun elektr va gazga oldindan to‘lov 15% gacha kamaytiriladi
1-noyabrdan boshlab Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) hamda Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlari bo‘lgan tadbirkorlar uchun yangi tartib joriy etiladi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun oldindan to‘lov miqdori amaldagi 100% o‘rniga 15% etib belgilanadi. Oxirgi ikki oyda to‘lov intizomini buzgan tadbirkorlarga bu tartib tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi to‘g‘risidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz ta’minoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Bundan tashqari, elektr va gaz bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, ular elektron shaklda tuziladi.
Chet eldan keladigan jo‘natmalar uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamaytiriladi
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun yig‘im har bir kilogramm og‘irlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2% idan 1,6% igacha kamaytiriladi. Ya’ni bu bir kilogramm uchun 8 800 so‘mdan 7 040 so‘mga pasayadi.
Masalan, 5 kg og‘irlikdagi posilka uchun yig‘im 44 ming so‘mdan 35,2 ming so‘mga, 10 kg jo‘natma uchun esa 70 ming so‘mga kamayadi.
Ushbu to‘lov xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxonada rasmiylashtirish uchun undiriladi. U shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish limitidan ortiq qismiga to‘lanadigan yig‘imlarga aloqador emas.
Yashil issiqxonalarga elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha issiqxona xo‘jaliklari elektr energiyasi xarajatlarining 50% i miqdorida kompensatsiya olishi mumkin. To‘lovlar oktabrdan martgacha bo‘lgan davr uchun beriladi.
Imtiyoz issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh energiyasida ishlaydigan isitish tizimlari, shuningdek, yuqori samarali elektr uskunalaridan foydalanadigan issiqxonalarga tatbiq etiladi.
Toshkent viloyatining beshta — Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqorichirchiq tumanlaridagi issiqxona xo‘jaliklariga energiya tejovchi uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40% i ham qoplab beriladi. Bunday kompensatsiya miqdori 100 mln so‘mdan oshmaydi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha jami daromadining kamida 60% ini issiqxona faoliyatidan oladigan tadbirkorlar uchun yer va mol-mulk soliqlari ikki baravar kamaytiriladi, aylanmadan olinadigan soliq esa bekor qilinadi.
Abonent roziligisiz reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlar yuborish taqiqlanadi
Mobil aloqa orqali reklama tarqatishning yangi tartibi joriy etiladi. Endilikda tovar va xizmatlarni taklif yoki reklama qiluvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar SMS-xabar yoki reklama qo‘ng‘iroqlarini faqat abonentning yozma yoki elektron roziligini olgandan keyingina yuborishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini yuborish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari, telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini tarqatish taqiqlanadi. Mobil aloqa operatorlari esa abonent talabiga ko‘ra o‘zlari yuboradigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarni to‘liq yoki qisman bloklash imkoniyatini ta’minlashi shart bo‘ladi.
Mazkur talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
Banklar kredit reklamalari va shartnomalarida xavflar haqida ogohlantiradi
Markaziy bank banklar uchun yangi talablarni tasdiqladi. Noyabrdan boshlab ular reklama materiallari va kredit shartnomalarida kreditni to‘lay olmaslik xavfi haqida ogohlantirish joylashtirishi kerak bo‘ladi.
Bosma va elektron vizual reklamalarda ogohlantirish reklama maydonining kamida 10% ini egallashi lozim. Audio va videoreklamalarda esa ogohlantirish uchun tegishli vaqt ajratiladi. Kredit shartnomasida ogohlantirish asosiy matndan oldin, birinchi sahifada joylashtiriladi va sahifa maydonining kamida 30% ini egallashi kerak.
Ogohlantirishda kredit to‘lovi kechiktirilishining mumkin bo‘lgan oqibatlari, jumladan, qarz miqdorining oshishi, qarzni majburiy undirish, mol-mulkka undiruv qaratilishi, hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishi, sud yoki davlat ijrochisi qarori bilan O‘zbekistondan chiqishga cheklov qo‘yilishi hamda kredit tarixining yomonlashishi qayd etiladi.
Bundan tashqari, taklif etilayotgan kredit mahsuloti iste’molchini chalg‘ituvchi deb topilsa, bu moliyaviy tashkilotlarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Ko‘chat ekish mavsumi boshlanadi
O‘zbekistonda noyabr oyida Yashil makon dasturi doirasida daraxt ekish mavsumi boshlanadi. Oktabr oyida hududlarda yashil zonalar tashkil etish uchun joylar tanlandi, yerlar tayyorlandi hamda ko‘chat va butalar zaxirasi shakllantirildi.
Daraxt ekish muddatlari hududlarga qarab farq qiladi: Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ishlar 1-noyabrdan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 5-noyabrdan, Toshkent va qator boshqa hududlarda 10-noyabrdan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida esa 20-noyabrdan boshlanadi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yildan boshlab mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish uchun har yili 100 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘lar ko‘chatlar xarid qilish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, o‘g‘itlar hamda sug‘orish uskunalariga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, ekologik qoidabuzarliklar uchun undiriladigan jarimalarning 90% i mahallalarga beriladi.
Rieltorlar faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kiradi
8-noyabrdan riyeltorlik faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kiradi.
Endilikda riyeltorlar malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Sertifikatni o‘qishni tamomlab, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga professional birlashmalar beradi.
Rieltor faqat riyeltorlik tashkiloti tarkibida va sertifikatga ega bo‘lgan taqdirdagina ishlashi mumkin. Tashkilot ham, riyeltor ham yagona reyestrga kiritilishi shart. Reyestrga kiritilmagan holda faoliyat yuritishga ruxsat berilmaydi.
Rieltorlar ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarda vositachilik qilishi, savdolarni tashkil etishi va ko‘chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishi mumkin. Ushbu sohani Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nazorat qiladi.
YPXga jamoat tartibini saqlash, PPXga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha yangi vakolatlar beriladi
Ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tkaziladi. Jumladan, gastronomik ko‘chalarda jamoat tartibini tun-u kun patrul-post xizmati bo‘linmalari hokimliklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ta’minlaydi. Shuningdek, ular 112 tizimi orqali kelib tushgan turar joylardagi jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarga tezkor javob qaytaradi.
Bundan tashqari, ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarning kelgusidagi tadbirlarga kirishi vaqtincha cheklanadi.
Patrul-post va qo‘riqlash xizmati xodimlari chorrahalar, markaziy ko‘chalar, bozorlar, savdo majmualari, maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinidagi tirbandliklarni bartaraf etishi, shuningdek, yo‘llardagi huquqbuzarliklarga munosabat bildirishi mumkin bo‘ladi.
O‘z navbatida, YPX xodimlariga ko‘chalar va jamoat joylarida jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish, huquqbuzarlarni ushlash hamda belgilanmagan joylarga maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni oqizish va jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilish uchun jarima solish vakolati beriladi.
Kamar taqmagan haydovchilarni xususiy kameralar ham aniqlay boshlaydi
Endi tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan radar va kameralar ham xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni qayd etishi mumkin.
Buning uchun kameralar haydovchining yuzini hamda xavfsizlik kamarini taqmaganini aniq ko‘rsatadigan sifatli suratga olishi kerak. Olingan suratlar esa avtomatik ravishda tegishli bazaga yuboriladi.
Chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida chiziqni bosgan haydovchilar jarimaga tortilmaydi
Chorrahagacha 50 metr, qayrilib olish joylarigacha 20 metr masofada 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlanish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.
Biroq qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish holatlari bundan mustasno. Bunday holatlarda inspektorlar qoidabuzarlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Qozog‘istonga borish uchun elektron ruxsatnoma talab qilina boshlaydi
Qozog‘iston vizasiz kiradigan xorijiy fuqarolar uchun QazETA elektron ruxsatnoma tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.
1-noyabrdan ruxsatnomalar Aqtau aeroporti va to‘rtta avtomobil o‘tkazish punktida tekshiriladi.
2027-yildan Ostona va Olmaota aeroportlarida ham tekshiruv boshlanadi, mart oyidan esa barcha boshqa chegara punktlariga tatbiq etiladi.
Kelasi yil 1-iyulgacha ruxsatnomasiz ham mamlakatga kirishga ruxsat beriladi. Bu davrda chegarachilar faqat yangi talablarni tushuntiradi. Ushbu sanadan keyin esa elektron ruxsatnoma majburiy bo‘ladi.
Hujjatni safardan kamida 72 soat oldin onlayn rasmiylashtirish kerak. Buning uchun raqamli identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Ruxsatnoma bepul beriladi.
Tibbiyot sohasida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi
15-noyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Tibbiy ta’limda o‘quv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi” davlat muassasasi faoliyati tugatiladi.
Uning o‘rnida davlat muassasasi shaklidagi Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi. Yangi markaz tibbiyot sohasida uzluksiz kasbiy ta’lim bo‘yicha mahalliy akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi.
Ro‘yxatdan o‘tmagan master-rejalar asosida qurilish qilish taqiqlanadi
1-noyabrdan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi master-rejalarning yagona elektron reyestrini yuritadi. Ularning raqamlashtirilgan nusxalari ham qo‘mitada saqlanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, reyestrdan o‘tkazilmagan master-rejalarni amalga oshirish, shuningdek, ular asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi.