Avvalroq Spot prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yaxshilash hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilangani haqida yozgan edi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlari axborot tizimlariga idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik ravishda tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
1-noyabrdan esa mobil aloqa orqali reklama tarqatishning yangi tartibi joriy etiladi. Endilikda tovar va xizmatlarni taklif yoki reklama qiluvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar SMS-xabar yoki reklama qo‘ng‘iroqlarini faqat abonentning yozma yoki elektron roziligini olgandan keyingina yuborishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini yuborish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari, telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini tarqatish taqiqlanadi. Mobil aloqa operatorlari esa abonent talabiga ko‘ra o‘zlari yuboradigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarni to‘liq yoki qisman bloklash imkoniyatini ta’minlashi shart bo‘ladi.
Mazkur talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Spot, avvalroq, yer osti qudug‘i uchun suv hisoblagichini Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligi haqida yozgandi.