Prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan yangi choralar belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) bir qator yangi xizmatlar joriy etiladi.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qo‘yishni, shuningdek, ularni begonalashtirishni taqiqlash yoki bunday taqiqni bekor qilish bo‘yicha onlayn ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari hamda bank kartalari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni olish va ularni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jumladan, telefon raqamini ma‘lum muddatga nofaol holatga o‘tkazish yoki qayta faollashtirish, foydalanilmayotgan telefon raqamiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish, ulangan pulli xizmatlar haqida ma‘lumot olish hamda bank kartasini bloklash (yopish) bo‘yicha emitent bankka ariza yuborish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda, bu haqda Yagona portal orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi hamda ushbu harakatlar hisobi yuritiladi.

2026-yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida yil oxirigacha Yagona portalda fuqaro nomiga ochilgan bank kartasi va sim-kartalarni ko‘rish imkonini beruvchi xizmat yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.

Spot, avvalroq, yer osti qudug‘i uchun suv hisoblagichini Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligi haqida yozgandi.