Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
Hujjat bilan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) hamda Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlari bo‘lgan tadbirkorlar uchun yangi tartib joriy etiladi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik iste’moli uchun oldindan to‘lov miqdori 15% etib belgilanadi. Amalda bu 100% ni tashkil etadi. Oxirgi ikki oyda to‘lov intizomiga rioya qilmaganlar bundan mustasno.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi to‘g‘risidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz ta’minoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Bundan tashqari, elektr va gaz bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, ular elektron shaklda tuziladi.
Joriy yilning 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida biznes uchun elektr energiyasiga to‘lanadigan oldindan to‘lovni ikki baravar kamaytirish taklif qilingandi.
18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida esa biznes vakillari uchun elektr va gazga oldindan to‘lov 15% ga tushirilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Spot to‘rtta hududda 2,4 GVt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari va saqlash tizimlari ishga tushirilgani haqida yozgan edi.