O‘zbekistonda biznes uchun elektr energiyasiga to‘lanadigan oldindan to‘lovni ikki baravar kamaytirish taklif qilindi. Bu haqda 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qo‘shni davlatlardan bug‘doy import qilib, undan un ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxona vakili ishlab chiqarish to‘xtab qolishiga soliq bilan bog‘liq muammolar va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov talab qilinayotgani sabab bo‘lganini aytdi.
“Tayyor mahsulot sotilgandan keyin yoki oy oxirida elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati bo‘lsa, bizga qulay bo‘lardi. Hozir esa 100% oldindan to‘lov qilish talab etilmoqda, bu esa mablag‘larimizning muzlatib qo‘yilishiga olib kelmoqda”, — deya tushuntirdi tadbirkor.

Tadbirkor (markazda). Foto: hukumat komissiyasi
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hukumat komissiyasi o‘z bayonnomasi bilan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov masalasini hal qila olmasligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval issiqxona xo‘jaliklari uchun bu masalani hal qilishga urinish bo‘lgan, biroq o‘shanda elektr energiyasi uchun avans to‘lovlarini banklar amalga oshirgan.
Bosh vazir o‘rinbosari amaldagi tizimda tadbirkor avval oldindan to‘lovni amalga oshirishi, shundan keyingina elektr energiyasini olishini ta’kidladi.
Bunga javoban tadbirkor 2019-yil fevralidan 2024-yil iyuligacha elektr energiyasi uchun 50% lik oldindan to‘lov tartibi amal qilganini eslatib, hech bo‘lmaganda shu tizimga qaytishni taklif qildi.
“Bu ham bir taklif. Shuning uchun uni ko‘rib chiqing, chunki hozir yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar COVID-19 pandemiyasi davridagi muammolardan qolishmayapti. Taklifni kiriting”, — deya qo‘shimcha qildi Xodjayev.
Jamshid Xodjayev. Foto: hukumat komissiyasi
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sanoat zonalaridagi 4 mingta noqonuniy obyektga amnistiya berilishi mumkinligi haqida yozgandi.
