O‘zbekistonda kichik sanoat zonalarida qonunga xilof ravishda qurilgan qariyb 4 mingta obyekt uchun amnistiya berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Dushanov kichik sanoat zonalaridagi qurilish masalalari bo‘yicha tadbirkorlardan murojaatlar kelib tushganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan.
Vazirlar Mahkamasi vakili Doniyor G‘aniyev bu yerda kichik sanoat zonalari hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektlar haqida so‘z borayotganini tushuntirdi. Bunda obyektlar tadbirkorlarning o‘z mulki bo‘lgan yer uchastkalarida qurilgan.
O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Azlarjon Sodiqov Xorazm viloyatida o‘tkazilgan inventarizatsiya natijasida o‘zboshimchalik bilan yoki zarur shaharsozlik hujjatlarisiz qurilgan 216 ta obyekt aniqlanganini ma’lum qildi.
“Ma'muriyat [prezident ma’muriyati] tomonidan butun respublika bo‘ylab inventarizatsiya o‘tkazish topshirilganini bilasiz. Natijada 3 971 ta obyekt aniqlandi va bu haqda davlat rahbariga axborot berdik. Shundan so‘ng ularni qonuniylashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish topshirildi. Biz qaror loyihasini ishlab chiqdik. Hozirda u idoralararo kelishuvdan o‘tkazilmoqda. Rejaga ko‘ra, avgust oyi oxirigacha obyektlarga amnistiya berish to‘g‘risidagi qaror loyihasini imzolash ko‘zda tutilgan”, — dedi Qurilish inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari.
Sodiqovning aniqlik kiritishicha, hozirda Qurilish inspeksiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Shuningdek, inspeksiya qaror loyihasini idoralararo kelishuv jarayonida himoya qilmoqda.
Azlarjon Sodiqov (o‘rtada). Foto: skrinshot
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Qurilish inspeksiyasiga hujjatni imkon qadar tezroq Vazirlar Mahkamasiga kiritishni topshirdi va uni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirishga va’da berdi. Sodiqovning ma’lum qilishicha, qaror loyihasi 10 kun ichida hukumatga kiritiladi.
“Erkin va kichik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan hurmatli tadbirkorlar, DAQNga (Qurilish inspeksiyasi nazarda tutilmoqda — Spot izohi) oid masalani shaxsiy nazoratimga oldim. Bu jarayonni tezlashtirishga harakat qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatining yangi tartibi belgilangani haqida yozgandi.
Rieltorlar malaka sertifikatiga ega bo‘lishi va faqat rieltorlik tashkiloti tarkibida ishlashi mumkin. Tashkilotlar esa Yagona reyestrga kiritilgandan keyingina faoliyat boshlaydi.
