O‘zbekistonda “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Hujjat Lex.uz‘da e‘lon qilindi.
Qonun bilan rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar faoliyatini tartibga solish belgilandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Agentlik sohada davlat siyosatini amalga oshiradi, normativ-huquqiy hujjatlar va milliy standartlarni ishlab chiqadi hamda Yagona reyestrni yuritadi.
Rieltor faqat rieltorlik tashkiloti tarkibida faoliyat yuritishi hamda malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
Sertifikat olish uchun talabgor rieltorlarni o‘qitish (ularning malakasini oshirish) dasturidan o‘tib, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirishi lozim. Shundan so‘ng professional jamoat birlashmasi tomonidan unga matritsali shtrix kodli (QR-kodli) elektron malaka sertifikati beriladi.
Rieltorning malaka sertifikati dastlab 5 yil muddatga beriladi. Uning amal qilish muddati malaka imtihoni topshirilgan taqdirda belgilangan tartibda navbatdagi besh yilga uzaytirilishi mumkin.
Hukumat tasdiqlagan ro‘yxatga muvofiq xalqaro tan olingan rieltorlik malaka sertifikatiga ega talabgorga milliy malaka sertifikati imtihon topshirmasdan dastlabki 5 yil muddatga beriladi.
Professional jamoat birlashmalari rieltorlarning malaka imtihonlarini tashkil etadi, sertifikatlarni beradi, qayta rasmiylashtiradi, ularning amal qilish muddatini uzaytiradi va tugatadi.
Rieltorlik tashkiloti va ko‘chmas mulk bo‘yicha agent o‘zi haqidagi ma‘lumotlar Yagona reyestrga kiritilgan sanadan boshlab rieltorlik faoliyatini amalga oshirishga haqli bo‘ladi.
Bunda rieltorlik tashkiloti rahbari rieltorlarning malaka sertifikatiga ega bo‘lishi, tashkilot shtatida esa shunday sertifikatga ega kamida ikki nafar xodim bo‘lishi kerak. Rieltor faqat bitta rieltorlik tashkilotining ish joyi bo‘yicha rieltor bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, rieltorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlari kuchga kirganini tasdiqlovchi sug‘urta polisi mavjud bo‘lishi shart.
Rieltorlik tashkilotlarini respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari tashkil etishi mumkin emas. Rieltorlik tashkilotiga ushbu faoliyatdan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish hamda ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha bitimning bevosita tarafi bo‘lish taqiqlanadi.
Rieltorlik tashkiloti professional jamoat birlashmalaridan biriga a‘zo bo‘lishi hamda rieltorlarining yiliga bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta‘minlashi kerak.
Rieltor buyurtmachiga ko‘chmas mulk obyekti, unga bo‘lgan huquqlar va obyektning mulkdori haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ishonchli hamda to‘liq axborotni taqdim etishi kerak.
Buyurtmachining yozma murojaatiga yozma javob berishi, xizmat ko‘rsatish davomida olingan maxfiy axborotni oshkor etmasligi va olingan hujjatlarning but saqlanishini ta‘minlashi lozim.
Rieltorlik faoliyati ko‘chmas mulk obyektlari va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzishda vositachilik qilish, ularning savdosini tashkil etish, ko‘chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish hamda ko‘chmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, xususiy sektor tomonidan multlisting tizimini tashkil etish nazarda tutilgan. U rieltorlik xizmatlarini muddatli shartnomalar bo‘yicha “yagona darcha” prinsipi asosida ko‘rsatish hamda elektron shaklda ishonchli axborot almashish imkonini beradi.
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan uch oy o‘tgach — 8-noyabrdan kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, Senatning 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun ma’qullangani haqida yozgandi.