“Toshkent” Respublika fond birjasida 28-sentyabrdan boshlab valyuta obligatsiyalari savdosi boshlandi, deya xabar berdi birja matbuot xizmati.

Birjaning kotirovka varag‘iga ikki emitent — Asia Alliance Bank va Universalbank‘ning xorijiy valyutada nominatsiyalangan obligatsiyalari kiritildi. Chiqarilishlarning umumiy hajmi $30 mln ni tashkil etdi.

Asia Alliance Bank 10-sentyabr kuni O‘zbekistonda valyuta korporativ obligatsiyalarini chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazgan birinchi emitent bo‘ldi. U har birining nominal qiymati $100 bo‘lgan 200 ming dona qimmatli qog‘ozni joylashtiradi.

Obligatsiyalar birjada AAB1B3U tikeri ostida 1095 kun (3 yil) davomida muomalada bo‘ladi. Kupon stavkasi har chorakda to‘lanadigan yillik 7% ni tashkil etadi.

Universalbank 100 ming dona valyuta obligatsiyalarini chiqardi, ularning har birining qiymati ham $100 ni tashkil etadi. Ular Toshkent fond birjasida UNVB1B2U tikeri ostida joylashtirilgan.

Obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkasi har chorakda to‘lanadigan yillik 8,5% ga teng. Qog‘ozlarning muomala muddati — 730 kun (2 yil).

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi aprel oyida O‘zbekiston bozorida valyuta obligatsiyalari muomalasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagan edi. Hujjat xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarish, ularni kapital bozoridagi “qumdon” (sandbox) doirasida joylashtirish, muomalaga chiqarish va so‘ndirishni tartibga soladi.

Bitta kompaniya bir vaqtning o‘zida muomalada $50 mln dan ortiq bo‘lmagan miqdordagi valyuta obligatsiyalariga ega bo‘lishi mumkin. Ta‘minlanmagan obligatsiyalarni chiqarishga faqat emitentning o‘z kapitali doirasida yo‘l qo‘yiladi. Agar undan oshib ketsa, kompaniya (“yuqori kredit reytingiga ega bo‘lgan alohida banklar"dan tashqari) chegaradan yuqori qismi uchun ta‘minot taqdim etishi kerak.

Obligatsiyalar bo‘yicha ta‘minot sifatida ko‘chmas mulk, pul, bank kafolatlari yoki sug‘urta polisi xizmat qilishi mumkin. Ko‘chmas mulk obyektlari bozor narxi bo‘yicha majburiy ravishda baholanishi lozim va chiqarilishning baholangan qiymatining 75% idan ko‘p bo‘lmagan qismini ta‘minlash uchun qabul qilinadi, bunda ularning ta‘minotdagi ulushi 50% dan oshmasligi kerak.

Shuningdek, nizom valyuta obligatsiyalarini chiqarish uchun moliyaviy shartlarni (kovenantlarni) belgilaydi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslar tomonidan valyuta obligatsiyalarini faqat bank tizimi orqali sotib olish talablari belgilanadi.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak 17-sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” Cbonds xalqaro konferensiyasida $90 mln lik valyuta obligatsiyalari chiqarilishi ro‘yxatga olinganini ma‘lum qildi. U yil oxirigacha raqamlar o‘sishiga umid bildirdi.

Spot avvalroq Uzum 600 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarining beshinchi emissiyasini joylashtirgani haqida yozgandi.