O‘zbekneftgaz Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ko‘magida ekologik kompensatsiya to‘lovlarini keskin kamaytirishga erishdi. Bu haqda Biznes-ombudsman ofisi ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi O‘zbekneftgaz tarkibiga kiruvchi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarshi Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo kiritdi.

Tabiatni muhofaza qilish idorasi davlat kompaniyasidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 8,8 mlrd so‘m kompensatsiya undirishni talab qilgan.

Biznes-ombudsman kompaniya huquqlarini himoya qilish uchun sudda ishtirok etdi. Ishni ko‘rib chiqish davomida sud nazorat organi “tekshiruv predmeti doirasidan chetga chiqqani"ni va da’voning asosiy qismi bo‘yicha hisob-kitoblar yetarli dalillar bilan tasdiqlanmaganini aniqladi.

Shuningdek, qonun buzilgan holda olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ham hisobga olindi. Sud Biznes-ombudsmanning tekshiruv qonuniyligi va kompensatsiya summalarining asoslanganligi haqidagi vajlarini ko‘rib chiqdi.

Ish yakunida sud da’voning katta qismini rad etdi. Undiriladigan summa atigi 676 133 so‘mni tashkil etdi — dastlabki talab qilingan summadan 13 ming baravar kam.

Aprel oyida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bir qator jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanganini ma’lum qilgandi.

Inspektorlar atmosferaga chiqariladigan chiqindilar me’yoridan oshib ketgani, chang-gaz tozalash uskunalarining standartlarga mos kelmasligi, shuningdek, oqova suvlar va chiqindilarni noqonuniy tashlash holatlarini aniqlagan.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha inspektorlar bajarilishi majburiy bo‘lgan 16 ta ko‘rsatma berdi. Shuningdek, qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari belgilandi va ish materiallari sudga yuborildi.


Avvalroq Spot Sog‘liqni saqlash vazirligining Xaridlar markazi o‘tkazgan 14 mlrd so‘mlik tender bekor qilingani haqida yozgandi.