Avvalroq Spot Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekistonda “tartibga solish qumdoni” doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini amalga oshirish tartibini tasdiqlagani haqida yozgandi.
Nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlar va ular asosidagi moliyaviy vositalar bilan bitimlarni faqat malakali investorlar amalga oshirishiga ruxsat beradi. Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli maqomni berish tartibi belgilangan.
Malakali investor maqomi uning egasi “bilim, tajriba va kapitalga ega” ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, bu maqom investitsiyaviy qarorlarni ongli ravishda qabul qilish va moliyaviy xatarlarni o‘z zimmasiga olishga rozilikni anglatadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi jismoniy va yuridik shaxslarni malakali investor deb tan olish uchun alohida mezonlarni belgiladi.
Jismoniy shaxslar
Jismoniy shaxslar kamida $5000 miqdorida pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar yoki boshqa moliyaviy vositalarga ega bo‘lsa, malakali investor maqomini olishi mumkin. Buning uchun ular qimmatli qog‘ozlar bozori, moliyaviy vositalar, investitsiyaviy xatarlar, investitsiya portfelini shakllantirish tamoyillari hamda investitsiya qonunchiligi asoslari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni tekshiruvchi testdan o‘tishi kerak.
Investitsiya vositachilari test mazmuni, undan o‘tish mezonlari va natijalarni qayd etish tartibini mustaqil belgilaydi. Test yozma yoki elektron shaklda, jumladan, onlayn tarzda o‘tkazilishi mumkin.
Agar mijoz testdan o‘ta olmasa, unga malakali investor maqomi berilmaydi. Muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin testni qayta topshirish tartibi va muddatlarini investitsiya vositachisi belgilaydi.
Shuningdek, quyidagi shartlardan kamida bittasiga javob beradigan fuqarolarga ham malakali investor maqomi beriladi:
- so‘nggi 12 oy davomida investitsiya vositachisi belgilagan miqdor va hajmlarda qimmatli qog‘ozlar hamda moliyaviy vositalar bilan bitimlar tuzish tajribasiga ega bo‘lish;
- O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi malaka attestatiga ega bo‘lish;
- brokerning ichki hujjatlarida tan olinadigan moliya bozori sohasidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish (CFA, CIIA, FRM va boshqalar);
- moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar yoki moliyaviy huquq yo‘nalishlarida oliy ma’lumotga ega bo‘lish;
- qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar tuzish, investitsiyaviy tavsiyalar tayyorlash, investitsiyaviy qarorlar qabul qilish yoki fond bozorida risklarni boshqarish bilan bevosita bog‘liq lavozimlarda kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish.
Ushbu mezonlardan biriga javob beradigan shaxslar investitsiya vositachisining qaroriga ko‘ra test sinovidan ozod etilishi mumkin.
Yuridik shaxslar
Kompaniyani malakali investor deb tan olish uchun u quyidagi uchta shartga javob berishi kerak:
- oxirgi moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, sof aktivlari kamida BHMning 1500 baravarini (660 mln so‘m) tashkil etishi;
- shtatida moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar yoki moliyaviy huquq yo‘nalishlarida oliy ma’lumotga ega, shuningdek, moliya tashkilotida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega xodim bo‘lishi;
- o‘tgan yil davomida qimmatli qog‘ozlar bozorida kamida beshta bitim amalga oshirgan bo‘lishi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, banklar, sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari, investitsiya fondlari hamda litsenziya asosida faoliyat yurituvchi boshqa moliya tashkilotlari avtomatik ravishda malakali investor deb tan olinadi.
Sof aktivlar deganda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq kompaniya aktivlari qiymatidan uning majburiyatlari chegirib tashlanganidan keyingi summa tushuniladi.
Yana nimalarni bilish muhim?
Investitsiya vositachisi mijozni malakali investor deb tan olishda qo‘llaniladigan tartib-taomillarni hujjatlashtirishi va tegishli hujjatlarning saqlanishini ta’minlashi kerak. Shuningdek, u mijozga maqom berilgani haqida xabar berishi va investitsiya sohasidagi xatarlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etishi shart.
Bundan tashqari, vositachi malakali investorlarning ayrim moliyaviy vositalardan foydalanishini ularning xususiyati va risk darajasini hisobga olgan holda cheklash huquqiga ega.
Shuningdek, investitsiya vositachilari malakali investor maqomini aniqlash bilan bog‘liq testlar va boshqa tartib-taomillarga qo‘shimcha talablar belgilashi mumkin. Bunda ular tegishli ma’lumotlardan ochiq foydalanish imkoniyatini ta’minlashi lozim.
Malakali investor maqomini yo‘qotish yoki o‘zgartirish faqat mijozning arizasiga ko‘ra yoki u maqom olish uchun noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan taqdirda mumkin. Agar maqom berilganidan keyin qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati o‘zgarishi sababli mijoz aktivlari hajmi kamayib ketsa, uning maqomi o‘zgartirilmaydi.
Investitsiya vositachisi har chorakda Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga malakali investor deb tan olingan mijozlar soni bo‘yicha umumlashtirilgan hisobot taqdim etishi kerak. Unda maqom berish rad etilgan va bekor qilingan holatlar soni hamda buning umumiy asoslari ham ko‘rsatiladi.
Avvalroq Spot dekabrdan qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonunga rioya qilish reytingi joriy etilishi haqida yozgandi.