Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kapital bozoridagi “tartibga solish qumdoni” doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasi tartibini tasdiqladi. Nizom 11-noyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tdi va Lex.uz'da e’lon qilindi. U 12-noyabrdan kuchga kirdi.

Hujjat xorijda chiqarilgan va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida hisobga qo‘yilgan aktivlar hamda ular asosidagi moliyaviy vositalar muomalasini tartibga soladi. Bularga quyidagilar kiradi:

  • xorijiy fond indekslariga kiruvchi aksiyalar;
  • xorijiy kompaniyalar va davlatlarning obligatsiyalari;
  • birja investitsiya fondlari (ETF);
  • indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari;
  • xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar va ular asosidagi moliyaviy vositalar bilan faqat malakali investor maqomiga ega jismoniy va yuridik shaxslar operatsiya qila oladi.

Jismoniy shaxs quyidagi talablardan kamida bittasiga javob bersa, malakali investor deb tan olinishi mumkin:

  • kamida $5000 miqdorida pul mablag‘i, qimmatli qog‘oz yoki boshqa moliyaviy vositaga ega bo‘lish;
  • oxirgi 12 oyda qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar tuzgan bo‘lish, bitimlar soni va summasini investitsiya vositachisi belgilaydi;
  • O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga yoki CFA, CIIA, FRM kabi xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish;
  • moliya, iqtisodiyot, matematika, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar yoki moliyaviy huquq sohasida oliy ma’lumotli bo‘lish;
  • qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar, investitsiya qarorlari yoki risklarni boshqarish bilan bog‘liq lavozimda kamida ikki yil ishlagan bo‘lish.

Banklar, sug‘urta tashkilotlari, investitsiya fondlari va boshqa litsenziyalangan moliyaviy tashkilotlar avtomatik ravishda malakali investor hisoblanadi.

Boshqa yuridik shaxslar uchta shartga javob berishi kerak. Ularning sof aktivlari kamida 1500 BHM (660 mln so‘m) bo‘lishi, shtatida moliya sohasida oliy ma’lumotli va kamida ikki yillik tajribaga ega xodim bo‘lishi hamda oxirgi bir yilda qimmatli qog‘ozlar bozorida kamida beshta bitim tuzgan bo‘lishi lozim.

Maqom berilgandan keyin investorning aktivlari bozor narxlari tufayli kamaysa ham, maqom bekor qilinmaydi.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini “qumdon” ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan brokerlar va boshqa investitsiya vositachilari tashkil etadi.

Xorijiy aktivlar Toshkent fond birjasida yoki O‘zbekistondagi investitsiya vositachisining onlayn platformasida muomalaga chiqariladi. Vositachi platformasi orqali xorijiy birjalardagi savdolarga ham kirish mumkin bo‘ladi.

Muomalaga faqat agentlik ma’qullagan va maxsus reyestrga kiritilgan qog‘ozlar chiqariladi. Agentlik arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Muomalaga chiqariladigan qog‘ozlar hajmi Markaziy bank bilan kelishiladi. Reyestr agentlik saytida e’lon qilinadi.

Reyestrga kiritilishi uchun qog‘oz va uning emitenti tan olingan xorijiy yurisdiksiyada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, ISIN raqamiga ega bo‘lishi kerak. Qog‘oz listingdagi qog‘ozlarining umumiy kapitalizatsiyasi kamida $1 trln bo‘lgan birjada savdo qilinishi ham shart.

Pul qanday kiritiladi va yechiladi?

Xorijiy qimmatli qog‘ozlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olish taqiqlanadi. Yuridik shaxslar ularni xarid qilish uchun konvertatsiyadan foydalana olmaydi, ammo eksport tushumi yoki boshqa qonuniy manbalardan olingan o‘z valyuta mablag‘larini sarflashi mumkin.

Jismoniy shaxslar valyutani depozitariyning agent bankiga naqd shaklda kiritishi yoki o‘z hisobvaraqlaridan vositachi hisobvarag‘iga o‘tkazishi mumkin. Vositachiga naqd pulni kassada yoki notariuslar orqali qabul qilish taqiqlanadi.

Investitsiya vositachisi investorga pulni kuniga kamida bir marta yechib olish imkonini berishi kerak. Pulni yechib olish topshirig‘i uch bank kunidan kechiktirmay bajarilishi shart.

Agar pul besh ish kuni ichida xorijiy brokerdan kelib tushmasa, vositachi uni investorga o‘z mablag‘i hisobidan to‘lashi kerak. Mablag‘lar sanksiyalar, xorijiy sud yoki regulyator qarori bilan bloklangan holatlarda bu talab qo‘llanilmaydi.

Investorlarning pulini xorijiy brokerdagi hisobvaraqqa o‘tkazish tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi va E-kontrakt tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilmaydi.

Agent bank transchegaraviy valyuta operatsiyalarini ko‘pi bilan bir ish kuni ichida FERUz tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Dividend va foizlar agent bankdagi shaxsiy valyuta hisobvaraqlari orqali to‘lanadi. Ularni depozitariyning mobil ilovasi orqali boshqarish mumkin. Bunday operatsiyalardan olingan daromadlarga qonunchilikka muvofiq soliq solinadi.

Fond birjasi va investitsiya vositachilari har oy keyingi oyning 5-sanasigacha agentlikka operatsiyalar haqida hisobot topshirishi shart.

Avvalroq Spot Toshkent fond birjasi Uzbekistan Prime Index indekslar turkumini ishga tushirgani haqida yozgandi.