9-noyabr kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 7 ta holatda 249 ta suyultirilgan gaz balloni tijorat narxida sotish maqsadida noqonuniy saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, aniqlangan ballonlardagi 1 160 kg suyultirilgan gaz 58 ta xonadonning bir oylik ehtiyojini qoplashi mumkin edi.
Qonunbuzarlar orasida gaz ta’minoti tizimi xodimlari ham bor:
- Qoraqalpog‘istonda Amudaryo tumangaz bo‘limining suyultirilgan gaz xizmati chilangari 104 ta gaz ballonini tegishli hujjatlarsiz, yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda saqlagan;
- Surxondaryo viloyatida Sherobod tumangaz ta’minoti bo‘limi haydovchisi o‘z uyida 25 ta gaz balloni saqlagan;
- Toshkent viloyatida Quyichirchiq tumangaz bo‘limining gaz to‘ldirish shoxobchasidagi xodim 3 ta gaz balloni saqlagan.
Bundan tashqari, boshqa holatlar ham aniqlangan. Xususan, Namanganda 1986-yilda tug‘ilgan shaxs aholiga sotish uchun uyida 20 ta gaz balloni saqlagan. Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida 1974 va 1996-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaroning uylarida jami 92 ta gaz balloni yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda saqlangan.

Xorazm viloyati Xonqa tumanida 1995-yilda tug‘ilgan shaxs umumiy ovqatlanish shoxobchasida aholi uchun ajratilgan, gaz idoralariga tegishli 5 ta gaz ballonidan noqonuniy foydalangan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, 20-oktabrdan buyon respublika bo‘yicha 370 ta holatda jami 9 455 ta gaz balloni noqonuniy saqlanayotgani aniqlangan. Ulardagi suyultirilgan gaz miqdori 102 158 kg ni tashkil etgan.
Idora gaz ballonlarining shubhali savdosi, noqonuniy to‘planishi yoki xavfli sharoitda saqlanishi haqida 1520 qisqa raqamiga xabar berishga chaqirdi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Avvalroq 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 5 ming so‘m etib belgilanishi haqida xabar berilgandi.