24-dekabrdan Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchalarida saqlash tartibi takomillashtiriladi. Endilikda avtomobilni evakuatorga yuklashdan tortib, egasiga qaytarishgacha bo‘lgan jarayonlar yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22-sentabrda qabul qilingan qarorida (508-son) belgilangan. Unga ko‘ra, avtomobilni evakuatorga yuklash boshlanmasidan oldin egasi yetib kelib, qoidabuzarlikni bartaraf etsa, transport vositasi olib ketilmaydi. Biroq yuklash jarayoni boshlangan bo‘lsa, avtomobil egasi shu yerda bo‘lgan taqdirda ham evakuatsiya davom ettiriladi.
Jarima maydonchasida saqlash uchun to‘lov avtomobilni evakuatorga yuklash boshlangan vaqtdan e’tiboran hisoblanadi. Avtomobilni qaytarib olish uchun to‘lovni elektron shaklda amalga oshirish, bir ish kuni ichida SMS orqali yuboriladigan QR-kodli ruxsatnomani olish va transport vositasini olib chiqish kerak. Elektron tizimda ruxsatnoma rasmiylashtirilmagan avtomobil egasiga berilmaydi.
Evakuatsiya narxi har bir kilometr uchun 88 ming so‘mgacha, saqlash narxi esa har bir sutka uchun 88 ming so‘mgacha etib belgilangan. Evakuatsiya xizmatining umumiy qiymati 1,76 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Bu summaga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilanadigan jarima kirmaydi.
Agar avtomobil asossiz ravishda evakuatsiya qilingan bo‘lsa, xarajatlar tegishli davlat organi hisobidan qoplanadi. Tashish vaqtida transport vositasiga zarar yetkazilsa, zararni jarima maydonchasi operatori qoplaydi.
Avtomobil olti oy davomida olib ketilmasa, talab qilib olinmagan transport vositalari reyestriga kiritiladi va to‘plangan qarzdorlik majburiy tartibda undiriladi. 12 oy o‘tgach esa sud avtomobilni egasiz mol-mulk deb topishi mumkin.
Toshkent shahridagi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi avtomobillarni noto‘g‘ri joyda qoldirish haydovchilar bilan birga, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga ham noqulaylik tug‘dirishini qayd etdi.
Markazga ko‘ra, bitta avtomobil 8−12 kvadrat metr joyni egallaydi. Mashina trotuarga qo‘yilganda esa bu hudud piyodalar uchun foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Markaz haydovchilarni ruxsat etilgan joylarda to‘xtashga, zarur bo‘lsa, biroz uzoqroqdagi avtoturargohni tanlashga yoki jamoat transportidan foydalanishga chaqirdi.
“Shunday qulayroq deb qoidani buzish — o‘z qulayligingiz uchun boshqalarni noqulay ahvolga solish demakdir. Avtomobil — sizniki, shahar esa — hammamizniki. Avtomobilingizni faqat ruxsat etilgan joyda qoldiring va atrofingizdagilarni hurmat qiling. Ortiqcha xarajatga tushmaslikning eng yaxshi yo‘li — qoidani buzmaslik”, — deyiladi xabarda.
May oyida Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillar evakuator yordamida jarima maydonchalariga olib ketilishi ma’lum qilindi. YHTEM bu chora piyodalar xavfsizligini ta’minlash, jamoat transporti va maxsus texnikalar harakatiga xalaqit beruvchi qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilganini bildirdi.
Iyun oyi boshida markaz noto‘g‘ri to‘xtash joylariga qarshi kurash kuchaytirilishini ma’lum qilib, trotuarlarda, piyodalar o‘tish joylari, bekatlar, yashil hududlar, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirmaslikka chaqirdi. Avgustga kelib avtomobillarni evakuatsiya qilish va saqlashning yagona tariflari belgilanishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Spot Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasida Yashil to‘lqin ishga tushirilgani haqida yozgan edi.