Markaziy bank tijorat banklariga sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarima hisoblashni to‘xtatish, noqonuniy undirilgan mablag‘larni esa qarz oluvchilarga qaytarish talabini qo‘ydi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank bank xizmatlaridan foydalanishda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etib, kredit munosabatlarida ham qarz oluvchilarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar mavjudligini eslatdi.

Fuqarolik kodeksining 744-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, kredit qarzini undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilsa, qarorda ko‘rsatilgan undiriladigan summaga foiz, jarima (neustoyka) yoki penya hisoblash to‘xtatiladi. Ya’ni sud qaroridan keyin qarz miqdori yangi foiz va jarimalar hisobiga oshib bormasligi kerak.

Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlariga ushbu talabga to‘liq rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Xususan, banklar 2026-yil 10-dekabrgacha ichki audit tekshiruvini o‘tkazishi kerak. Bunda sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarima hisoblash to‘xtatilganini to‘liq tekshirishi hamda aniqlangan qoidabuzarliklar bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi muhokamasiga kiritilishi lozim.

Shu bilan birga, qonunga zid ravishda hisoblangan foiz va jarimalar zudlik bilan bekor qilinishi, undirilgan mablag‘lar esa qisqa muddatda qarz oluvchilarga qaytarilishi zarur.

Banklar amalga oshirilgan ishlar va qaytarilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi batafsil hisobotni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 25-dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etishi kerak.

Markaziy bank qarz oluvchilarda shunday holat yuz bergan bo‘lsa, 71 200−00−44 yoki 18 00 qisqa raqamli aloqa markaziga, shuningdek, “Bankda nima gap?” (@tajriba_lab_bot) botiga murojaat qilishni so‘radi.

Avvalroq Spot banklar bir oyda 1,7 trln so‘mlik shubhali operatsiyalarni cheklagani haqida yozgan edi.