Bojxona organlari 2026-yilda 63,5 trln so‘m bojxona to‘lovlari undirgan, shundan 2 trln so‘mi mobil qurilmalar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov 11-noyabr kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
U “O‘zbekiston ovozi” gazetasi jurnalisti Ohunjon Temirovning savoliga javob berdi. Jurnalistning ta’kidlashicha, IMEI uchun to‘lovni oddiy aholi to‘laydi, tadbirkorlar xarajatlarni narxga qo‘shgani uchun telefonlar qimmatlashmoqda. Uning aytishicha, Malika bozorida iPhone 18 $2000−2500 turadi.
Olimjonovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda mobil qurilmalar uchun boj stavkasi o‘rtacha 10−15%, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 18−20% ni tashkil qiladi. O‘zbekistonda boj stavkasi 5%, QQS esa 12%.
“Bu mantiq bilan yondashadigan bo‘lsak, hech qaysi tovar — mashina, mebel, telefondan bojxona to‘lovlarini undirmasdan kiritib yuborishimiz kerak ekan, hammaga arzon mahsulot yetkazishimiz uchun, to‘g‘rimi? Bitta maktab yoki bog‘cha qurilishiga qancha ketadi? U pulni qayerdan olish kerak? Importyordan olish kerak”, — dedi u.
Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, 2022-yilda importning 60% ini go‘yoki o‘z ehtiyoji uchun deb jismoniy shaxslar olib kirgan.
“Hech kimga sir emas: Dubayda, Turkiyada telefonlarni tarqatib, qo‘lingizga $10, $20 beraman, shuni bojxonadan o‘tkazib bering, deb yalinayotganlar bor”, — dedi Olimjonov.
Uning ta’kidlashicha, rasmiy importyorlar har oy furalab telefon olib kirib, boj va soliqlarni to‘laydi, ammo norasmiy import tufayli mahsulotini sota olmaydi. Xaridor esa rasmiy telefon bilan sertifikat, kafolat va qurilmani qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
IMEI nima uchun kerak?
Farhod Olimjonov IMEI tizimi telefonlardan xavfsiz va qonuniy foydalanishni ta’minlash uchun joriy qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim o‘g‘irlangan telefonlarni bloklash, firibgarlik holatlarini tekshirish va rasmiy importyorlar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
“IMEI ro‘yxatdan o‘tkazishning maqsadi aholiga ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirish yoki to‘lov undirish emas, balki telefonlarning qonuniy aylanmasi va xavfsizligini ta’minlash”, — dedi u.
Boshqarma boshlig‘i boj stavkalarini o‘zgartirish bojxona vakolatiga kirmasligini ta’kidladi.
“Biz undiruvchi idoramiz. 5% qo‘yib bersa, 5% undirishimiz kerak, 10% qo‘yib bersa, 10% undirishimiz kerak. Taklif kiritinglar, 5% ni olib tashlab, faqat 12% QQS to‘lash kerak deb”, — dedi Olimjonov.
Anjumanda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev telefon uchun bojxona to‘lovi va UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi ikki xil narsa ekanini, ularni adashtirmaslik kerakligini aytdi.
Avvalroq Spot bojxona soxta IMEI’li telefonlarni aniqlay olmasligini aytgani haqida yozgandi.