Bojxona idoralarida mavjud uskunalar va axborot tizimlari mobil qurilmalarning IMEI raqamlari soxtalashtirilganini aniqlashga deyarli imkon bermaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

“IMEI 1 va IMEI 2 kodlari bitta qurilmaga tegishli ekanini hamda shu kodlar bo‘yicha avval tarmoq hodisasi qayd etilganini aniqlash maxsus bilim va ixtisoslikni talab qiladi. Bojxona idoralaridagi mavjud qurilmalar va axborot tizimlari bilan buni aniqlash imkoniyati deyarli yo‘q”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Farhod Olimjonovning aytishicha, IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish, avval ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalar ma’lumotlarini boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish uchun ishlatish kabi sxemalar orqali bojsiz olib kirish normasini suiiste’mol qilishga urinishlar hanuz uchramoqda. Bunday holatlarni fosh etish esa qiyin kechmoqda.

Qo‘mita vakili qonunchilikka ko‘ra bojxonaning asosiy vazifasi tovarlarning bojxona to‘lovlariga ta’sir qiluvchi xossalarini tekshirish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mobil qurilmalarning IMEI raqamlarini aniqlash bojxona zimmasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklatilmagan.

Shu sababli qurilmalarni tekshirish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

“Mazkur imtiyoz doirasida bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlamoqchi bo‘lgan, xavf darajasi yuqori bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar olib kirgan mobil qurilmalarni identifikatsiya qilish uchun shu yo‘nalishdagi mutaxassislarni jalb etishga ehtiyoj paydo bo‘ldi”, — dedi qo‘mita vakili.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, bojsiz olib kirish normasi avvalgidek amal qiladi. Bojxona kodeksining 157-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 244-son qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar notijorat maqsadda olib o‘tayotgan tovarlarga bojxona to‘lovlari qo‘llanilmaydi.

Chegarada mobil qurilmalarni rasmiylashtirish va IMEI tizimida ro‘yxatga olishni soddalashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ustida ham ishlanmoqda. Qo‘mita vakilining aytishicha, yaqin kunlarda bir-birini takrorlovchi ayrim funksiyalar qisqartiriladi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroportida mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish qayta tiklangani haqida yozgandi.