Toshkent xalqaro aeroportida mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi qayta tiklandi. Bu haqda 11-noyabr kuni Bojxona qo‘mitasi va UzIMEI markazi vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Bundan buyon aeroportda mobil qurilmalarning IMEI kodi o‘zgartirilganiga shubha tug‘ilganda bojxona xodimlari aeroportda doimiy faoliyat yurituvchi UzIMEI markazi vakillariga murojaat qiladi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegishli ekanini va ular bo‘yicha avval tarmoqda faollik bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash maxsus bilim talab qiladi. Yangi tartib bunday holatlarni yagona tartibda hal etish va qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

Vaziyatga oydinlik kiritilganligi sababli 11-noyabrdan boshlab poytaxt aeroportida mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari belgilangan tartibda yana davom etmoqda.

“Bugundan boshlab vaqtincha to‘xtatib turish chorasi bekor qilindi. Bugungi kunda mobil qurilmalarni olib kirish ushbu chora bilan kiritilgan muammolarsiz amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, hozirgacha [yo‘lovchilardan] olib qo‘yilgan bir necha yuzlab mobil qurilmalarni qaytarish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan”, — dedi Husan Tangriyev.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda aeroportda xorijdan kelgan yo‘lovchilarning telefonlari ekspertiza uchun 30 kungacha olib qo‘yilayotgani, ekspertizasiz bir kunda rasmiylashtirish uchun esa qo‘shimcha to‘lov olinayotgani haqida xabar tarqalgandi. Bojxona qo‘mitasi bunday tartib joriy etilmaganini ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aslida rasmiylashtiruv IMEI kodlarini aniqlash va qurilmalar qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritilguncha vaqtincha to‘xtatilgan.

Nima bo‘ldi?

10-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan olib kelinayotgan qiymati $1000 dan yuqori bo‘lgan iPhone va boshqa smartfonlar ekspertizadan o‘tkazish uchun 30 kungacha vaqtincha saqlovga olinayotgani hamda ekspertizasiz bir kun ichida rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Qayd etilishicha, IMEI-kodlar ustidan nazorat tadbirlari 6-noyabrdan boshlangan.

Oblako nashrining yozishicha, foydalanuvchilar IMEI’ni rasmiylashtirish uchun ikki variant taklif etilayotganini aytmoqda: smartfonni $150 evaziga 30 kungacha ekspertizaga qoldirish yoki bir kunda rasmiylashtirish uchun $400−1100 to‘lash. Tezlashtirilgan xizmat narxi qurilma modeliga bog‘liq.

Telegramdagi Rastamojka kanali qo‘shimcha ekspertiza barcha qimmat telefonlarga yoki faqat IMEI-kodida shubhali holatlar aniqlangan qurilmalarga nisbatan qo‘llanishi masalasiga aniqlik kiritish zarurligini ta’kidladi. Kanal telefonlarni 30 kungacha vaqtincha olib qo‘yish fuqarolarga noqulaylik tug‘dirishi mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, kanal telefonlarni bojxona orqali olib kirish va IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish tartibida qonunchilikka zid holatlar borligini qayd etdi. Kanalga ko‘ra, Bojxona kodeksi belgilangan me’yor doirasida olib kirilgan shaxsiy tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz rasmiylashtirishga imkon beradi.

Biroq quyi turuvchi hujjatlar telefonlar uchun majburiy yozma deklaratsiya talab qiladi. Deklaratsiya bo‘lmasa, IMEI ro‘yxatidan o‘tkazishda telefonning to‘liq qiymatidan 30% bojxona to‘lovi hisoblanishi mumkin.

2024-yil 28-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar telefon olib kirishda, qiymati va sonidan qat’i nazar, bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi shart.

Havo transportida har bir yo‘lovchi ikki dona telefonni umumiy qiymati $2000 dan oshmagan holda bojsiz olib kirishi mumkin. Poyezdda bu limit $1000, avtomobilda esa $300 etib belgilangan. Belgilangan qiymatdan oshgan qism uchun 30% boj undiriladi.

So‘nggi kunlarda Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida qiymati qariyb 310 mln so‘m bo‘lgan 20 ta smartfonni noqonuniy olib kirishga urinish aniqlandi. Ushlangan qurilmalar iPhone’ning so‘nggi rusumlariga mansub. Ular bo‘yicha bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.

Yana bir holatda esa Toshkent-AERO IBK bojxona xodimlari yo‘lovchilar yuklarini tekshirish davomida belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmagan va jismoniy shaxslar uchun bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiq bo‘lgan telefonlarni aniqladi.

Ular orasida 9 dona iPhone 18 Pro Max, 5 dona iPhone 17, shuningdek, iPhone va Samsung rusumidagi boshqa qurilmalar bor. Ayrim yo‘lovchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan, boshqa shaxslar tomonidan berib yuborilgan telefonlarni ham olib o‘tishga uringan.

Avvalroq Toshkent aeroportida 8 ta iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 ni yashirincha olib kirayotganlar ushlangani haqida xabar berilgandi.