Avvalroq O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda fuqarolar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan ikkitagacha telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Xorijliklar uchun mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish davri 60 kunga uzaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan telefonlarni ro‘yxatga olish tartibi takomillashtirilishi sabab, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, endi havo yo‘llari orqali mamlakatga kirib kelayotgan fuqarolar har kelganlarida 2ta telefon apparati, jumladan, mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan mobil telefonlar va qurilmalarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishlari mumkin.

Bunda, mazkur tovarlarning qiymati mamlakatga aviatsiya o‘tkazish punktlari orkali olib kirishda aholi uchun bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan tovarlarning cheklangan qiymati — $2000 tarkibiga kiritiladi.

Ya’ni, fuqaro yonida olib kirgan barcha tovarlari, telefonlarning umumiy qiymati $2000dan oshsa, belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.

Shuningdek, import qiluvchilar tomonidan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi tizimi takomillashtirildi.

Endi ular tomonidan olib kirilgan qurilmalar partiyasi “erkin muomalaga chiqarish” (IM-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilmaguncha, mazkur qurimalalarning IMEI kodlari tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aholi tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar tizim operatori yoki ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish orqali yoki tizim operatorining sayti orqali amalga oshiriladi.

Bunda, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvert va jo‘natmani oluvchining JSHSHIR mavjud shaxsni tasdiqlovchi hujjati ko‘rsatiladi.

Aholi tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’iy nazar, deklaratsiya to‘ldiriladi.

Mazkur o‘zgarishlar 2024-yilning 28-yanvaridan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi 2019-yildan joriy qilingan. O‘sha yilning sentabrida hukumat qarori bilan uning tartibi belgilandi.


Avvalroq O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari o‘z raqamlarini saqlagan holda boshqa aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgandi.