O‘zbekneftgaz 2027-yilda birinchi chiqarilgan yevroobligatsiyalarni so‘ndirish muddatini uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni davlat kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamrayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Hamrayevning so‘zlariga ko‘ra, birinchi chiqarilgan yevroobligatsiyalar bo‘yicha asosiy qarzni so‘ndirish muddati 2028-yilda, ikkinchisiniki esa 2030-yilda tugaydi. Kompaniya ikki variantni ko‘rib chiqmoqda: qarzni o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lash yoki yevroobligatsiyalar muddatini yangi davrga uzaytirish. Muzokaralarni oldindan boshlash va to‘lov muddatini amaldagidan yomon bo‘lmagan shartlarda uzaytirish rejalashtirilgan.

“Gap yangi qarz olish haqida ketmayapti — ushbu yevrobondlardan tashqari qo‘shimcha mablag‘ jalb qilinmaydi. Bu ayni summani boshqa muddatga uzaytirish masalasi”, — deya tushuntirdi Hamrayev.

Shuningdek, u O‘zbekneftgaz yuqori foiz stavkali deyarli barcha kreditlarni qayta moliyalashtirganini ma’lum qildi. Uzbekistan GTL zavodi loyihasi uchun jalb qilingan $1 mlrd lik qarzlar bundan mustasno. Kompaniya ularni joriy yil oxirida yoki keyingi chorak boshida qayta moliyalashtirishni mo‘ljallamoqda.

Hamrayevning ta’kidlashicha, qayta moliyalashtirish ushbu kreditlar bo‘yicha davlat kafolatini yechish imkonini beradi: investorlarning kompaniyaga va uning moliyaviy imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi ortgani sababli, banklar endi buni talab qilmayapti.

29-sentabr kuni O‘zbekneftgaz J.P. Morgan bilan kelajakda xalqaro kapital bozorlariga chiqish va obligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi. Shu bilan birga, davlat kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga o‘sha vaqtda yangi yevrobondlar chiqarish bo‘yicha rejalar yo‘qligiga aniqlik kiritgan.

2025-yilning may oyida O‘zbekneftgaz yillik 8,75% stavkada $850 mln lik yevroobligatsiyalarni joylashtirgan. Taqqoslash uchun, 2021-yil noyabridagi $700 mln lik emissiya bo‘yicha stavka yillik 4,75% ni tashkil etgan.

Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz $1,1 mlrd miqdoridagi kreditlarni qayta moliyalashtirmoqchi ekanligi, shundan $840 mln qismi Uzbekistan GTL hissasiga to‘g‘ri kelishi haqida yozgan edi.