O‘zbekneftgaz J.P. Morgan bilan kelgusida xalqaro kapital bozorlarida obligatsiyalar chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shu bilan birga, davlat kompaniyasi matbuot xizmatining Spot‘ga aniqlik kiritishicha, ayni paytda yevrobondlar chiqarish bo‘yicha rejalar yo‘q.

29-sentyabr kuni O‘zbekneftgaz boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev J.P. Morgan Bank‘ning MDH mamlakatlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori, mintaqaviy rahbari va investitsiya-bank bo‘linmasi rahbari Timur Kunaybayev bilan uchrashdi. Tomonlar davlat kompaniyasining xalqaro kapital bozorlariga chiqishi, zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish va uzoq muddatli moliyaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Kelgusida obligatsiyalar chiqarish istiqbollari, moliyaviy xatarlarni boshqarish va ularni kamaytirish vositalari alohida muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar jahon moliya bozorlaridagi tendensiyalar va ularning moliyalashtirish narxiga ta‘siri yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuvning yana bir yo‘nalishi investorlar bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘ldi. Xususan, investorlar bilan ochiq muloqot va kompaniyaning moliyaviy hamda strategik ma‘lumotlarini yanada tushunarli tarzda taqdim etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kapital bozori vositalaridan samarali foydalanish va uzoq muddatli moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

2025-yil may oyida O‘zbekneftgaz $850 mln lik rekord darajadagi yevroobligatsiyalarni joylashtirgan edi. Shu bilan birga, yangi qarzlar bo‘yicha foizlar 2021-yilga nisbatan deyarli ikki baravar yuqori bo‘lib, 4,75% o‘rniga yillik 8,75% ni tashkil qildi.

Spot avvalroq Toshkent fond birjasi $30 mln lik valyuta obligatsiyalari savdosini boshlagani haqida yozgandi.