Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 22-paketiga Wildberries asoschisi Tatyana Kimni kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fransiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Jan-Noel Barro ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari kengashi Rossiya bilan aloqador fuqarolar va tashkilotlarga nisbatan yangi cheklovlar ro‘yxatini ko‘rib chiqishi kerak. Vazirning ta’kidlashicha, ro‘yxatga jami 145 ta yangi band kiritiladi.

Xususan, u Yevropa Ittifoqi Rossiyaning eng yirik elektron tijorat platformasi Wildberries rahbari va “Rossiyaning eng boy ayoli"ga nisbatan sanksiyalar joriy etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, sanksiyalar paketiga Sankt-Peterburgdagi neft terminaliga nisbatan cheklovlar ham kiritiladi. Barro Rossiyaga benzin eksport qiluvchi kompaniyalarga qarshi cheklovlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilayotganini bildirdi.

Bundan tashqari, Fransiya tashqi ishlar vaziri Rossiyaning “soyadagi floti"ga qarshi choralar ko‘rish masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ketayotganini ma’lum qildi. U 4-dekabr kuni Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan o‘tkazilishi kerak.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi avvalgi — 21-sanksiyalar paketi iyul oyida qabul qilingandi. Unga energetika sektori, moliya tizimi, harbiy-sanoat majmuasi, qazib olish sanoati, transport va kriptovalyuta xizmatlari bilan bog‘liq 218 nafar jismoniy va yuridik shaxs kiritilgan.

Jumladan, Wildberries’ga tegishli WB Bank, Yandex Bank, Ozon Bank, MTS Bank va Rossiyaning yana 90 ta bankiga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan. Shuningdek, cheklovlar A7 to‘lov tizimining tuzilmalari, Qirg‘izistondagi EkoIslamicBank va yana uchta xorijiy bankka ham taalluqli bo‘lgan.

Sentabr oyida Yevropa Ittifoqi USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonov va Alfa Group hammuassisi Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga qaror qilgan edi.

Bu qaror Rossiya bilan aloqador 3 ming nafar fuqaro va kompaniyaga nisbatan cheklovlarni yana uch yilga uzaytirish bilan bir vaqtda qabul qilingan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish tashabbusini Fransiya ilgari surgan.


Avvalroq Spot Shveysariya Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgani haqida yozgan edi.