Yevropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushga javoban Rossiyaga nisbatan 21-sanksiyalar to‘plamini tasdiqladi. Cheklovlar energetika sektori, moliya tizimi, harbiy-sanoat majmuasi, qazib olish sanoati, transport va kriptovalyuta servislariga ta‘sir ko‘rsatadi.
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga jami 218 ta jismoniy va yuridik shaxs, shu jumladan 48 nafar shaxs va 170 ta tashkilot kiritildi.
Moliya sektorida cheklovlar Rossiyaning 94 ta banki va moliya tashkilotiga, jumladan, Rosselxozbank, Dom.RF banki, MTS Bank, Uralsib, Ak Bars, Pochta Bank, UBRiR, Yandeks Bank, Ozon Bank, WB Bank, Sinara banki, Avangard banki, Russkiy standart banki hamda Moskva birjasiga nisbatan qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Rossiyaning A7 transchegaraviy to‘lov tizimi bilan bog‘liq to‘rtta tuzilmaga (ular orasida A7-Agent MCHJ va A71 MCHJ ham bor), jumladan uning Afrika mamlakatlari bilan yangi aloqalariga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.
Shuningdek, Qirg‘izistonning EkoIslamikBanki ham cheklovlarga duch keldi (sanksiyalar 13-avgustdan kuchga kiradi). YI Kengashi ma‘lumotlariga ko‘ra, ushbu bank Rossiyaning Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi (SPFS) bilan aloqador. Sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishda gumon qilingan yana uchta xorijiy bank ham ro‘yxatga kiritildi.
YI, shuningdek, Gruziya, Panama, BAA, Marshall orollari, Qirg‘iziston va Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan 14 ta kriptovalyuta platformasi bilan operatsiyalarni taqiqladi va ilk bor uchinchi mamlakatlar kompaniyalari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergan taqdirda, ularning kriptoxizmatlar ko‘rsatishini to‘liq taqiqlash imkoniyatini ko‘zda tutdi.
Energetika sohasida Rossiyaning elektr energiyasi eksporti va importining yagona operatori bo‘lgan Inter RAO, Kuybishev va Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodlari, Lukoyl Marinbunker, Slavneft guruhi korxonalari va bir qator boshqa neft-gaz kompaniyalari cheklovlarga uchradi.
Yevroittifoq, shuningdek, Rossiya nefti narxining amaldagi yuqori chegarasini bir barrel uchun $44,1 darajasida saqlab qolgan holda, uni qayta ko‘rib chiqmaslikka qaror qildi va Rossiya neftini qayta ishlaydigan Rossiya hamda uchinchi mamlakatlardagi neftni qayta ishlash zavodlari bilan bitimlarni taqiqlash imkonini beruvchi mexanizmni yaratdi. Qo‘shimcha ravishda, “soya floti” deb ataluvchi 40 dan ortiq kemaga hamda Rossiyaning to‘rtta aeroporti — Sheremetyevo, Ulyanovsk-Vostochniy, Rostov-Dondagi Platov va Mineralniye Vodi aeroportlariga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.
Yangi cheklovlarga harbiy-sanoat majmuasi va qazib olish sanoatining 50 dan ortiq korxonasi, jumladan, Severnaya Zarya ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi, Vostok ilmiy-texnika markazi, Pergam Injenering, Aerodrommash, Yujuralzoloto, Seligdar polimetall xoldingi, Visochayshiy, Nordgold Menejment va Pervaya almaznaya kompaniya ham duch keldi.
Yevroittifoq Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlovchi 51 ta tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Ular orasida Xitoy (shu jumladan Gonkong), Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va BAAdagi kompaniyalar ham bor. YI versiyasiga ko‘ra, ular Rossiyaga yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha eksport cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam bermoqda.
RBK nashri yozishicha, Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy, sport vaziri Mixail Degtyaryov, RJD rahbari Oleg Belozyorov, Gazprom-Media bosh direktori Aleksandr Jarov, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Rossiya Banki raisi o‘rinbosari Sergey Belov, Svetofor do‘konlar tarmog‘i egalari Andrey, Sergey va Valentina Shnayderlar hamda bir qator boshqa amaldorlar, kompaniya rahbarlari, jamoat arboblari va mudofaa sanoati vakillariga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etilgan.
Choralarning alohida bloki savdoga taalluqlidir. YI Rossiyaga eksport qilish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytirib, unga qurol-yarog‘ va dronlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan materiallar va butlovchi qismlarni kiritdi. Shu bilan birga, Rossiyadan mis, nikel va qo‘rg‘oshin rudalari, shuningdek, qimmatbaho metallar rudalari importiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi.
Spot, avvalroq, Yevropa Ittifoqi Google’ga $1 mlrd jarima solgani haqida yozgandi.