Serbiya bir yildan so‘ng uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaydi va bu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bu haqda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevning mamlakatga rasmiy tashrifi doirasida Belgradda bo‘lib o‘tgan Serbiya-O‘zbekiston biznes-forumida ma’lum qildi.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Serbiya mudofaa sanoatini rivojlantirmoqda, ba’zi davlatlardan texnologiyalar transferini olmoqda va boshqalarga texnologiyalar uzatmoqda. U o‘z nutqi davomida mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari Nenad Miloradovichdan mamlakat uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni qachon boshlashi mumkinligini so‘radi. Miloradovich bu bir yildan keyin sodir bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Bir yildan so‘ng uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu borada ham sizlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu Serbiyada biz juda kam gapiradigan yangiliklar, ammo ular bizning texnologik va fundamental taraqqiyotimizdan, shuningdek, sanoatimiz taraqqiyotidan dalolat beradi va mutaxassislarimiz allaqachon katta yutuqlarga erishdilar va men aytganimdek, bir yildan so‘ng biz buni ham amalga oshira olamiz, bu sohada o‘zbekistonlik birodarlarimiz va do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, — dedi prezident Vuchich.
Forumda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgradda mamlakatning maxsus diplomatik vakolatxonasi ochilishi va ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish haqida ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, diplomatlar kelasi haftadayoq Serbiyaga yetib borishi va Serbiya kompaniyalariga o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda yordam berishni boshlashi kerak.
“Kecha do‘stim, Serbiya prezidenti bilan jiddiy va samarali muzokaralarimizdan so‘ng, to‘laqonli elchixona ochilishini kutmasdan, Belgradda maxsus diplomatik vakolatxona ochishga qaror qildim. Kelgusi haftadayoq bu yerga diplomatlarni tayinlaymiz va yuboramiz, ular zudlik bilan Serbiya kompaniyalariga o‘zbekistonlik hamkorlar bilan barcha sohalarda ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda yordam berishni boshlaydi”, — dedi Mirziyoyev.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida yozgan edi.
