Yevropa Ittifoqi Google’ga 890 mln yevro (taxminan $1,015 mlrd) miqdorida jarima soldi.

Qayd etilishicha, Yevropa Komissiyasi (YK) Google’ni Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (DMA) talablarini buzgan deb topdi.

Birinchi qoidabuzarlik kompaniyaning qidiruv natijalarida o‘z xizmatlariga ustunlik bergani bilan bog‘liq bo‘lib, buning uchun Google 460 mln yevro, ikkinchi holatda esa 430 mln yevro jarimaga tortildi.

DMA talablariga ko‘ra, Google Play dasturchilari foydalanuvchilarga ilovalarni xarid qilishning muqobil usullari haqida bepul ma’lumot bera olishi kerak. Yevrokomissiya fikricha, Google bu majburiyatni bajarmagan.

Regulyator kompaniyaga kamchiliklarni 60 kun ichida bartaraf etishni buyurdi. Aks holda, Google’ga global yillik aylanmasining 5%igacha miqdorida qo‘shimcha jarimalar solinishi mumkin.

2026-yil iyul oyi boshida Google 2018-yilda Android smartfonlaridagi raqobatga zid amaliyotlar uchun qo‘llangan 4,1 mlrd yevrolik jarima bo‘yicha Yevropa Ittifoqidagi apellyatsiyani ham yutqazgandi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya so‘nggi o‘n yilliklar davomida Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzganlik uchun jami taxminan 11 mlrd yevro miqdorida jarimaga tortilgan.