Google Yevropa Ittifoqida Android ishi bo‘yicha 4,1 mlrd yevrolik jarima yuzasidan sudda yakuniy mag‘lubiyatga uchradi.
Yevropa Ittifoqining oliy sudi qariyb sakkiz yil davom etgan ishga yakun yasadi. Google’ning Android’ni boshqarish amaliyoti uchun belgilangan rekord miqdordagi jarima o‘z kuchida qoldi va endi bu qaror ustidan shikoyat qilish mumkin emas.
Bu 2010-yillarning o‘rtalarida boshlangan ishning yakuniy nuqtasi bo‘ldi. O‘shanda Yevrokomissiya Google’ni Android’ning smartfonlar bozoridagi ustun mavqeidan foydalanib, qidiruv tizimlari bozorida raqobatchilarni siqib chiqarishga uringanlikda ayblagan edi. Natijada 4,1 mlrd yevrolik jarima Yevropa Ittifoqi tarixidagi eng yirik monopoliyaga qarshi jarima bo‘lib qolmoqda.
Bu ishning ildizlari 2015-yilga borib taqaladi. O‘shanda Yevrokomissiya raqobat masalalari bo‘yicha komissar Margrete Vestager rahbarligida Android’ga nisbatan rasmiy tergovni boshlagan edi. Bunga raqobatchilar va soha uyushmalarining shikoyatlari sabab bo‘lgan.
Asosiy da’vo shundan iborat ediki, Android rasmiy jihatdan ochiq va bepul operatsion tizim bo‘lsa-da, Google uni litsenziyalash shartlarini shunday tuzganki, smartfon ishlab chiqaruvchilari amalda Google xizmatlarini ilgari surishga majbur bo‘lgan va raqobatchi xizmatlarni targ‘ib qilish imkoniga ega bo‘lmagan.
2010-yillarning o‘rtalarida internetdan foydalanish ommaviy ravishda kompyuterlardan smartfonlarga ko‘cha boshladi. Telefonda sukut bo‘yicha qaysi qidiruv tizimi o‘rnatilgani esa keyingi yillarda qidiruv reklamalaridan kim daromad olishini belgilab berardi. Yevrokomissiya talqiniga ko‘ra, Google bu “imkoniyatlar oynasi"ni raqobatchilar uchun ataylab yopgan.
2018-yil 18-iyulda tergov yakunlanib, Google’ga 4,34 mlrd yevro jarima solindi hamda qonunbuzarliklarni to‘xtatish majburiyati yuklatildi. O‘sha paytda bu taxminan $5 mlrdga teng bo‘lgan rekord miqdordagi jarima edi.
Ayblovning asosi Google smartfon ishlab chiqaruvchilari va mobil operatorlar bilan tuzgan shartnomalaridagi uch turdagi shartlarga tayangan.
Ularning har biri alohida qaralganda odatiy biznes amaliyoti bo‘lib ko‘ringan, biroq regulyator fikricha, barchasi birgalikda Google’ning qidiruv tizimi biznesini himoya qilishga qaratilgan yagona strategiyani tashkil etgan.
Play Store evaziga majburiy oldindan o‘rnatish
Google Play ilovalar do‘koniga litsenziya olish uchun — usiz Android-smartfonni bozorda sotish deyarli imkonsiz edi — ishlab chiqaruvchilar Google Search va Chrome brauzerini ham oldindan o‘rnatishga majbur bo‘lgan. Rasmiy jihatdan foydalanuvchi keyinchalik istalgan boshqa ilovani yuklab olishi mumkin edi, ammo amalda telefonga sukut bo‘yicha o‘rnatilgan qidiruv tizimi va brauzer katta ustunlikka ega bo‘ladi: aksariyat foydalanuvchilar yangi telefondagi standart ilovalarni almashtirmaydi.
Android’ning “nomaqbul” versiyalarini taqiqlash
Ikkinchi shart — Android’ning parchalanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishuvlar (anti-fragmentation agreements). Android ochiq kodli tizim bo‘lgani uchun nazariy jihatdan har qanday ishlab chiqaruvchi uning asosida o‘z versiyasini — forkni — yaratishi mumkin edi. Ammo Google Play Store va Google Search litsenziyalarini faqat Android’ning mos kelmaydigan forklarida ishlovchi qurilmalarni chiqarmaslik majburiyatini olgan kompaniyalargagina bergan.
Bunday forklarning eng mashhur namunasi — Amazon’ning Fire OS tizimi bo‘lib, unda ishlagan Fire Phone smartfoni Google xizmatlarisiz qolgan. Regulyator fikricha, Google shu yo‘l bilan muqobil Android versiyalari orqali boshqa qidiruv tizimlari rivojlanishining oldini olgan.
Raqobatchilardan voz kechish evaziga to‘lov
Uchinchi band — daromadni taqsimlash bo‘yicha kelishuvlar (revenue sharing agreements). Google reklama daromadining bir qismini smartfon ishlab chiqaruvchilari va mobil operatorlarga ular ma’lum qurilmalarga raqobatchi qidiruv tizimlarini oldindan o‘rnatmaslik sharti bilan to‘lab kelgan. Aslida bu eksklyuzivlik uchun to‘langan haq edi.
Avvalroq Spot Google ruxsatsiz bolalar ma’lumotlarini yig‘gani uchun $8 mln jarima to‘lashi haqida yozgandi.
Da’vogarlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘lovlar miqdori uncha katta bo‘lmaydi va bir kishi uchun $0,83 dan $2,17 gacha bo‘ladi.