AQSH Federal sudi Google’ga qarshi bolalar ma’lumotlarini to‘plash bilan bog‘liq jamoaviy da’vo bo‘yicha kelishuv bitimini dastlabki tarzda ma’qulladi, deya xabar berdi Mediapost.

Qayd etilishicha, kompaniya da’volarni hal qilish uchun $8,25 mln to‘lashga rozi bo‘ldi.

Sudyaning ta’kidlashicha, kelishuv ehtimoliy sud jarayoni xavfi va xarajatlarini hisobga olgan holda “adolatli, oqilona va yetarli” ko‘rinadi.

Agar kelishuv yakuniy tasdiqlansa, kompensatsiya 2015-yildan 2026-yil yanvarigacha Google Play xizmatidan foydalangan vaqtda 13 yoshdan kichik bo‘lgan AQSH rezidentlari bo‘lgan jamoaviy da’vogarlarga beriladi va ularning ma’lumotlari to‘plangan yoki uchinchi tomonlarga berilgan bo‘lishi mumkin.

Da’vogarlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘lovlar miqdori uncha katta bo‘lmaydi va bir kishi uchun $0,83 dan $2,17 gacha bo‘ladi.

Da’vo 2023-yilda olti nafar bolaning ota-onasi tomonidan berilgan. Ularning ta’kidlashicha, Google Play ilovalari, jumladan, Tiny Lab Productions loyihalari voyaga yetmaganlarning ma’lumotlarini to‘plagan.

Ushbu ilovalar Bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga (COPPA) rioya qilishni nazarda tutuvchi “Oila uchun ishlab chiqilgan” dasturining bir qismi edi.

Da’vogarlarga ko‘ra, AdMob reklama platformasi ota-onalarning roziligisiz bolalarning ma’lumotlarini to‘plashni davom ettirgan va Google bu haqda bilishi kerak edi.

2024-yilda sud ishlab chiquvchini bloklash va muddatlarning o‘tib ketganligi haqidagi dalillarga qaramay, kompaniyaning ishni yopishga bo‘lgan urinishini rad etdi.

Sud kelishuv bitimi bo‘yicha yakuniy qarorni 24-sentabrga belgilangan tinglovdan so‘ng qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Joriy yil yanvarida Google Android foydalanuvchilariga $135 mln tovon puli to‘lashi haqida xabar berilgandi.

Bunga ularning kompaniyaga qarshi shaxsiy ma’lumotlarni “maxfiy ravishda yig‘ish” da’vosi sabab bo‘lgan.