O‘zbekistonda sovuq ob-havo sabab gaz ta’minotida cheklovlar bo‘lishi mumkin, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
9−11-noyabr kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo harorati pasayib, yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan vazirlik energiya resurslari ta’minotida barqarorlikni saqlash choralarini ko‘rmoqda.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, ushbu kunlarda shimoliy va tog‘li hududlarda qor, boshqa joylarda esa yomg‘ir yog‘adi. Tungi harorat shimolda −7°C gacha, mamlakatning boshqa ayrim hududlarida −1…−2°C gacha pasayishi mumkin.
Ayni paytda Toshkent shahri va boshqa hududlarda isitish mavsumini boshlash ishlari olib borilmoqda.
Gaz ta’minotida aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlarga ustuvorlik beriladi.
Zarurat tug‘ilgan taqdirda, mavsumiy iste’molchilar, jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin.
Bunday cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan va tasdiqlangan grafiklar asosida joriy etiladi. Iste’molchilar cheklovlar haqida oldindan xabardor qilinadi.
Vazirlik gaz yoki elektr ta’minotida muammolarga duch kelgan fuqarolarni tun-u kun faoliyat yuritadigan quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishga chaqirdi:
- 1104 — gaz bosimi va ta’minoti bilan bog‘liq muammolar;
- 104 — gaz avariya xizmati;
- 1154 — elektr energiyasi uzilishlari va tarmoqdagi nosozliklar.
Energetika vazirligi fuqarolarni isitish mavsumida xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.
Xususan, isitish va gaz jihozlari, mo‘ri hamda shamollatish yo‘llarining sozligini tekshirish, nosoz uskunalardan foydalanmaslik lozim. Gaz plitasidan xonalarni isitish maqsadida foydalanish mumkin emas. Bu is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, elektr simlari va rozetkalarga ortiqcha yuklama bermaslik, bir nechta yuqori quvvatli qurilmani bitta uzaytirgichga ulamaslik tavsiya etiladi. Isitish jihozlarini yoqilgan holda nazoratsiz qoldirmaslik ham muhim.
Energiya resurslaridan tejamkor foydalanish ham alohida ahamiyatga ega. Buning uchun keraksiz elektr jihozlarini o‘chirish, isitkichlardan me’yorida foydalanish va xonadonlarda issiqlikni saqlash tavsiya qilinadi. Bu nafaqat oilaviy xarajatlarni kamaytiradi, balki elektr tarmoqlaridagi yuklamani ham pasaytiradi.
Vazirlik fuqarolarga favqulodda murojaat raqamlarini saqlab qo‘yish va ularni yaqinlariga ham yuborishni tavsiya qildi.
Avvalroq Spot “zapravka"larda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik uchun jarima joriy etilgani haqida yozgandi.