Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun yangi jarimalar kiritildi. Tegishli o‘zgarishlar 2026-yil 2-noyabrdagi 1186-son qonun bilan belgilandi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Qonunga ko‘ra, mansabdor shaxs yer ajratish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish yoki qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida vakolatli organ va xulosa beruvchilarning ishiga o‘z vakolatidan foydalanib noqonuniy aralashsa, unga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (44−66 mln so‘m) jarima solinadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanadi.

Shuningdek, quyidagi qoidabuzarliklar uchun jarimalar belgilandi:

  • avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida iste’molchilarga suyultirilgan gazni maishiy gaz ballonlarida berish uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,32−2,2 mln so‘m);
  • bozorlar, savdo majmualari va savdo-ko‘ngilochar markazlar egalari yong‘in tufayli uchinchi shaxslar hayoti va sog‘lig‘iga yetkaziladigan zarar uchun fuqarolik javobgarligini hamda obyektni yong‘indan majburiy sug‘urta qilmagan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (22−33 mln so‘m);
  • yong‘in auditini o‘tkazish talablari buzilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 15 baravari (6,6 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 30 baravari (13,2 mln so‘m) miqdorida.

2026-yil 1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Spot 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 5 ming so‘mga oshirilishi haqida yozgan edi.