Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov sun’iy intellektni rivojlantirish bilan birga, axborot tizimlarini kiberhujumlardan himoya qilishga ham sarmoya kiritish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozdi.
Vazir so‘nggi kunlarda dunyoda xakerlik hujumlari bilan bog‘liq xabarlar ko‘payganini qayd etib, bunga misol sifatida Binance kriptobirjasidan $6 mlrddan ortiq mablag‘ o‘g‘irlangani holatini keltirdi.
Shuningdek, u yaqinda O‘zbekistonda 27 mln fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani haqidagi xabarlar bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, shov-shuv ko‘targan Butterfly guruhining o‘zi ham e’tiborni kiberxavfsizlikka qaratish maqsadini bildirgan.
“Lekin hozir tarqalmadi degani, zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, ertaga bunday holat bo‘lmasligiga kafolat degani emas!”, — dedi u.
Shermatov sun’iy intellekt eski tizimlardagi zaifliklarni aniqlash bo‘yicha “juda katta inqilobni boshlab bergani"ni qayd etdi. Vazir Gemini tomonidan tayyorlangan grafikni ilova qilib, aniqlanayotgan zaifliklarning soni bir necha barobar oshganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli davlat, nodavlat va tijorat tashkilotlari o‘z tizimlaridagi zaifliklarni muntazam aniqlashi va o‘z vaqtida bartaraf etishi zarur.
“Sun'iy intellektni rivojlantirishga sarmoya qilinganida, undan himoya qilishga ham tegishli sarmoya kiritish juda muhim. Uni sun’iy intellekt yo‘nalishida maqsadsiz xarajat deb hisoblansa, xatar ortaveradi”, — deb yozdi vazir.
Uning fikricha, kiberxavfsizlik xatarlari ortib borayotgani sababli axborot tizimlarini yaratish va yuritishga mas’ul idoralar hamda kompaniyalar bu yo‘nalishni qo‘shimcha moliyalashtirishi va malakali mutaxassislar tayyorlashi kerak.
Shermatov mutaxassislarga DXX Kiberxavfsizlik markazi hamda uning UzCERT xizmati tomonidan e’lon qilinayotgan yangi zaifliklar haqidagi ogohlantirishlarni kuzatib borish va aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etishni tavsiya qildi.
Vazir kiberxavfsizlikni kelajakda talab yuqori bo‘ladigan kasblardan biri sifatida ham qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida ham kiberxavfsizlik yo‘nalishlarini kuchaytirishga e’tibor qaratilishini bildirdi.
Avvalroq Spot tibbiyot sohasida 10 ta sun’iy intellekt tizimi ishga tushirilishi haqida yozgan edi.