Binance kriptobirjasi 29-oktyabrdan 30-oktyabrga o‘tar kechasi tarixdagi eng yirik aktiv o‘g‘irlanishiga duch keldi, deya xabar berdi CNBC.
Platforma bayonotiga ko‘ra, noma’lum xakerlar tizimga kirib, foydalanuvchilarning kriptohamyonlaridan aktivlarni ommaviy ravishda yechib olishni boshlagan. Biroq kompaniya hamyonlarning shaxsiy kalitlari sizdirilganini ko‘rsatuvchi omillarni aniqlamagan.
Hujumchilar jami $6,3 mlrd lik aktivlarni o‘g‘irlagan. Binance blokcheyn sohasidagi hamkorlari bilan birgalikda ushbu mablag‘ning deyarli yarmini — taxminan $3 mlrd ini muzlatishga muvaffaq bo‘lgan.
Platforma barcha zararlarni aktivlarni xavfsiz saqlash fondi (SAFU) hamda o‘z mablag‘lari hisobidan qoplashga va’da berdi. Kompaniya foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsiz ekanini ta’kidladi.
Binance xavfsizlik tekshiruvlari tugaguniga qadar hisoblarga mablag‘larni joylashtirish va yechib olish operatsiyalarini vaqtincha muzlatib qo‘ydi. Shuningdek, aktivlarni kuzatish va qaytarish uchun blokcheyn tadqiqotlari tashkilotlari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘landi.
Kompaniya dastlabki tergovga tayanib, xavfsizlik hodisasi xakerlar tizimga kirgan “DevOps muhandisining oshkor qilingan noutbuki” bilan bog‘liqligini aytdi.
Keyinroq platforma foydalanuvchilar depozitlariga zarar yetmaganini va ular odatdagi tartibda ishlayotganini bildirdi. Kompaniya xavfsizlik tizimini takomillashtirgandan so‘ng, mablag‘larni yechib olish imkoniyatini 48 soat ichida tiklashni va’da qildi.
Binance mutaxassislari buzib kirilgan kompyuterdan boshlangan hujumning barcha bosqichlarini kuzatmoqda. Kompaniya hodisaning asosiy sabablarini ko‘rsatgan batafsil hisobotni yaqin orada e’lon qilishni va’da qildi. Qayd etilishicha, hujumga bir nechta omil sabab bo‘lgan.
Xakerlik hujumi haqidagi xabarlar fonida ayrim kriptovalyutalar narxi pasaydi. CoinMarketCap ma’lumotlariga ko‘ra, bitkoin bir sutkada 2,3% ga arzonlab, $78 430 dan sotilmoqda. Kun davomida uning narxi sentabrdan beri eng past ko‘rsatkich — $76 400 gacha tushgan.
Ethereum avgust oyidan beri ilk bor $2 200 dan pastga tushdi. Keyinroq uning narxi biroz tiklanib, $2 244 ni tashkil etdi. Bu avvalgi kundagiga nisbatan 3,4% ga kam. Binance’ning o‘z tokeni BNB esa bir kunda 5% ga arzonlab, $717 gacha tushdi.
Ekspertlar nimalarni aniqladi?
TRM Labs blokcheyn tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘larning asosiy qismi London vaqti bilan 20:05 dan 20:25 gacha (Toshkent vaqti bilan
Hujum Binance’ning “issiq” kriptohamyonlaridagi tranzaksiyalarni imzolash uchun foydalaniladigan infratuzilmasi buzib kirilishi natijasida amalga oshirilgan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ommaviy hujumga tayyorgarlik kamida 36 soat oldin boshlangan.
TRM Labs hujumni KXDR bilan bog‘liq TraderTraitor xakerlar guruhi bilan bog‘ladi. Avvalroq AQSh Federal tergov byurosi ushbu guruhni 2025-yil fevralida Bybit kriptobirjasiga uyushtirilgan va $1,5 mlrd lik aktivlar o‘g‘irlangan hujum uchun javobgar deb topgan edi.
TRM Labs global siyosat bo‘yicha rahbari va AQShning sobiq federal prokurori Ari Redbord muzlatilgan aktivlarni qaytarish bir necha bosqichdan iborat jarayon ekanini ta’kidladi. Odatda, buning uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar sud qarori yoki ruxsatini oladi va keyingi choralar shu asosda amalga oshiriladi.
Redbordning so‘zlariga ko‘ra, USDC yoki USDT kabi steyblkoinlarni qaytarish nisbatan oson, chunki ularning emitentlari aktivlarni muzlatib qo‘yishi mumkin. Bitkoin yoki Ethereum’ni qaytarish esa ularning kriptobirjalar va boshqa xizmatlar orqali harakatini kuzatishni talab qiladi.
Avvalroq Spot Bill Geyts 2027-yilda sun’iy intellekt sabab kiberhujumlar kuchayishidan ogohlantirgani haqida yozgan edi.