Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2026-yilning yanvar-sentabr oylari mobaynida 15,1 mingta nazorat tadbiri o‘tkazilib, jami 36,1 mingta qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hisobotida keltirilgan.

Qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 5 666 ta yozma ko‘rsatma va 247 ta taqdimnoma kiritilib, unga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga 22,3 mlrd so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Inspeksiya aralashuvi bilan qariyb 35 ming nafar xodimga 832,1 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi undirib berildi va 4 467 fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi.

Ish haqi bo‘yicha sudlarga kiritilgan da’volar asosida qariyb 29,5 mlrd so‘m mablag‘ undirilgan bo‘lsa, ishga tiklash bo‘yicha sud qarorlari asosida 158 nafar fuqaro o‘z ish joyiga qaytarilgan.

Mehnat faoliyati bilan bog‘liq 692 ta baxtsiz hodisa maxsus tekshirilgan. Oqibatda 758 nafar fuqaro jabrlangani, jumladan, ularning 205 nafari vafot etgani aniqlangan. Holatlar yuzasidan sud qarorlari asosida 16 mlrd so‘mdan ortiq tovon puli undirilgan.

Bundan tashqari, majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq 47 ta holat aniqlanib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mlrd so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,3 mln so‘mga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.