2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 274,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 18% ga o‘sgan.

Hududlar bo‘yicha ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Namangan viloyatiga to‘g‘ri keldi — bu yerda o‘rtacha ish haqi 20,3% ga oshib, qariyb 5,4 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda 19,8% bilan Jizzax (5,5 mln so‘m) va 19,1% bilan Toshkent (6,889 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Birinchi yarim yillikda eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 12 mln 300,8 ming so‘m (+18,3%).

Undan keyingi pog‘onadan Navoiy (8,820 mln so‘m) hamda Toshkent viloyatlari (6,889 mln so‘m) joy oldi. Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,96 mln so‘m.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:

№
Hududlar
O‘rtacha oylik ish haqi
2025-yilning mos davriga nisbatan o‘sish

1

Toshkent shahri

12 300 800 so‘m

18,3%

2

Navoiy viloyati

8 820 500 so‘m

15,5%

3

Toshkent viloyati

6 889 900 so‘m

19,1%

4

Buxoro viloyati

5 840 900 so‘m

18,4%

5

Andijon viloyati

5 765 400 so‘m

15,6%

6

Sirdaryo viloyati

5 736 000 so‘m

15,6%

7

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

5 676 800 so‘m

16,2%

8

Xorazm viloyati

5 623 200 so‘m

15,6%

9

Jizzax viloyati

5 506 400 so‘m

19,8%

10

Farg‘ona viloyati

5 383 300 so‘m

17,7%

11

Namangan viloyati

5 395 900 so‘m

20,3%

12

Samarqand viloyati

5 373 400 so‘m

11,5%

13

Surxondaryo viloyati

4 988 900 so‘m

14,8%

14

Qashqadaryo viloyati

4 969 700 so‘m

16,1%

Sohalar kesimida ish haqlari qanday bo‘ldi?

Yanvar-sentabr oylarida sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (19,8%) tashish va saqlash yo‘nalishida kuzatildi, o‘rtacha oylik ish haqi esa 11,269 mln so‘mni tashkil etdi.

Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasi eng yuqori oylik maosh bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Yarim yilda bu yo‘nalishda oylik ish haqi 19,7 mln so‘mni tashkil etdi (+17,8%). Undan keyin 17,006 mln so‘m bilan axborot va aloqa (+13%) sohasi joy oldi.

Eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (4,45 mln so‘m) qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2% bo‘ldi.

Shu bilan birga, navbatdagi sohalarda ham ish haqi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan (7 mln 274,1 ming) sezilarli darajada past bo‘ldi: ta’lim — 5,015 mln so‘m, yashash va ovqatlanish — 5,35 mln so‘m hamda san’at va ko‘ngil ochish — 5,73 mln so‘m.

Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha maosh dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar yo‘nalishida qayd etildi — 22,27 mln so‘m. Bank va moliya sohasida eng yuqori oyliklar qayta sug‘urtalash (26,868 mln so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar (24,41 mln so‘m) sohasida kuzatildi.

Ta’lim sohasida o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 11,5 mln so‘m. Eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,84 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 5,35 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,79 mln so‘mni tashkil etdi.


Shuningdek, joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda mediana ish haqi 4 mln 166,3 ming so‘mni tashkil etdi.

Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 6 mln 791,2 ming so‘m, eng pasti esa Sirdaryo viloyatida — 2 mln 998,4 ming so‘m qayd etildi.

Hisob-kitoblarda qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik tadbirkorlik subyektlari inobatga olinmagan. Mediana ish haqi bo‘yicha ma’lumotlar yanvar-avgust oylarini qamrab oladi.

Bunga “Mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar” bo‘yicha sentabr oyi ma’muriy ma’lumotlari xodimlar kesimida hali to‘liq shakllanmagani sabab bo‘lgan.


Avvalroq Spot Markaziy bank “maosh qulligi"ni bekor qiluvchi tizimni ishlab chiqqani haqida yozgan edi.