O‘zbekistonda Apple Pay xalqaro to‘lov xizmati rasman ishga tushirildi, unga Humo va Uzcard kartalarini ham ulash mumkin bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
27-oktabr kuni Apple Pay’ni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xizmat foydalanuvchilarga bank kartalarini Apple Wallet’ga qo‘shib, iPhone, Apple Watch va boshqa mos qurilmalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Dastlab Apple Pay’ga O‘zmilliybank, Ipak Yuli Bank, Orient Finans Bank, Kapitalbank, TBC Bank Uzbekistan va Octobank tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalarini ulash mumkin. Hamkorbank va Uzum Bank’ning tegishli Visa kartalari ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Mahalliy to‘lov tizimlari — Uzcard va Humo kartalarini Apple Pay xizmatiga ulash bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda va ularni xizmatga ulash imkoniyati tez orada taqdim etiladi.
Markaziy bank to‘lovlarni amalga oshirishda karta ma’lumotlarining maxfiyligi va to‘lovlar xavfsizligi maxsus texnologiyalar orqali ta’minlanishini qayd etdi.
Shuningdek, Apple Pay xizmatidan foydalanish imkoniyati banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorligiga qarab bosqichma-bosqich kengaytirib borilishi ma’lum qilindi.
27-oktabrdan Google Wallet va Apple Wallet ilovalariga O‘zbekiston bank kartalarini qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi. Google Wallet hozirda 9 ta bank — AVO Bank, Octobank, Uzum Bank, TBC Bank, Aloqabank, Kapitalbank, Ipak Yuli bank, O‘zmilliybank hamda Orient Finans Bank tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Spot Markaziy bank biometrik ma‘lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etgani haqida yozgan edi.