Xorijiy klinikalarda tajriba to‘plagan vatandosh shifokorlar O‘zbekiston shifoxonalariga jalb etiladi. Bu haqda prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Ularga oyiga 50 mln so‘mgacha ustama to‘lanadi, ish joylari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
Yangi tizim dastlab 26 ta ixtisoslashgan markazda yo‘lga qo‘yiladi. Har bir markaz direktori kelasi yili 5−10 nafardan vatandosh shifokorni jalb etishga mas’ul bo‘ladi.
Xorijdan qaytgan mutaxassislarga o‘z jamoasini shakllantirish, birga ishlaydigan shifokorlar, assistentlar va hamshiralarni mustaqil tanlash imkoniyati beriladi.
Shuningdek, ularning nufuzli xalqaro konferensiyalarda qatnashishi va xorijdagi hamkasblari bilan tajriba almashishi xarajatlari qoplanadi.
Bundan tashqari, tibbiyot sohasidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tibbiyot novatorlari” milliy hamjamiyati tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mazkur platforma talabalar, yosh shifokorlar, olimlar, tajribali ustozlar va xorijdagi vatandoshlarni birlashtiradi.
Prezident tibbiyotga katta orzular bilan kirib kelayotgan yoshlarga ishonch bildirib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tibbiyot xodimlarining takliflari ham tinglanib, ularni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot kelasi yildan O‘zbekistonda shifoxona va poliklinikalar faoliyatiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizm joriy etilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, kelgusi yilda kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda 10 ta sun’iy intellekt tizimini ishga tushiradi.