Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi. Unda tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini amaliyot bilan bog‘lash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va sohada yangi standartlarni joriy etish rejalari ma’lum qilindi.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekistonda saraton kasalliklarini erta aniqlash dasturi 2028-yildan butun mamlakatda joriy etilishi haqida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash dasturi dastlab Samarqandda boshlanadi.
2028-yildan uni butun mamlakat bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Dastur uchun yiliga 700 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollarda uchraydigan o‘smalar hamda bolalar onkogematologiyasi bo‘yicha dasturlar davom ettiriladi.
Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida infarkt hamda insultni erta aniqlash va davolash dasturi natijasida besh oyda erta o‘lim holatlari 15% ga kamaygan.
Ta’kidlanishicha, “Oltin soat” davomida ko‘rsatilgan yordam tufayli 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolingan.
Kelasi yili ushbu dasturni barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yish uchun 280 mlrd so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, kelasi yildan kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi kengaytiriladi. Bepul beriladigan dori vositalari turlari 73 taga, tibbiy tekshiruvlar esa 36 taga yetkaziladi.
Avvalroq Spot oilaviy shifokorlik bo‘yicha mutaxassislarga 5,5 mln so‘m ustama to‘lanishi haqida yozgandi.