Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi o‘n yilda 10 mln aholiga xizmat ko‘rsatuvchi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirilib, 58 mingta shifo o‘rni yaratildi. Natijada tibbiy xizmatlar hajmi uch baravar oshdi.
Mirziyoyev tibbiyotni raqamlashtirish ishlari xususiy klinikalar va dorixonalarni ham qamrab olayotganini bildirdi.
“Yaqinda bu tizimni sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan yanada boyitib, shifokor va hamshiralarning haqiqiy ko‘makchisiga aylantiramiz, — dedi davlat rahbari.
Davlat rahbari birlamchi tibbiy yordam qanchalik samarali ishlasa, aholi salomatligi shunchalik yaxshilanishini ta’kidladi.
Shu maqsadda 28 ta tumanda birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan yangi tizim sinovdan o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, ularda 7 mln aholi oilaviy shifokorlarga biriktirilib, tomonlarning vazifa va majburiyatlari o‘zaro bitimlarda belgilandi.
Yangi laboratoriyalar ishga tushirildi, shifokor va hamshiralar o‘qitildi hamda bemorlarning tibbiy muassasalardan foydalanish tartibini belgilovchi “bemor marshruti” ishlab chiqildi.
Kafolatlangan paket doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda. Mazkur model kelasi yildan yana 100 ta tumanda joriy etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda farmatsevtika tovarlariga bo‘lgan ehtiyojning 70% ini ichki ishlab chiqarish hisobidan qoplash maqsad qilingan. Shu yo‘nalishda so‘nggi yillarda $1 mlrd lik 330 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
Shuningdek, “Toshkent biofarm siti” klasteri va Andijon, Namangan, Jizzax hamda Toshkent viloyatlarida farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari tashkil etildi. Ularda umumiy qiymati $1,2 mlrd lik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan uchraashuvda tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi o‘zgarishlarga 800 mingdan ziyod xodim hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
Yaqinda soha vakillarining bir guruhi, jumladan, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar va xorijlik hamkorlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmon imzolangan.
Uchrashuvda inson salomatligini asrash, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va davolash usullarini joriy etishda alohida xizmat ko‘rsatganlar uchun buyuk alloma Ibn Sino nomidagi davlat mukofotini ta’sis etish tashabbusi ham ilgari surildi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 2026−2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish takliflari bilan tanishgani haqida yozgandi.