Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni O‘zbekfilm kinostudiyasida kino sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida yozgandi.

Davlat rahbari kino mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zamonaviy infratuzilma zarurligini ta’kidladi. Sohadagi ehtiyojni qondirish maqsadida O‘zbekfilm hududida kino bilan bog‘liq barcha xizmatlarni birlashtiruvchi, maydoni 10 gektar bo‘lgan “kinoshaharcha” quriladi.

Bo‘lajak klasterning asosiy tarkibiy qismlaridan biri dublyaj va ovozlashtirish markazi bo‘ladi. Kinoshaharcha qurilishi 2027-yil mart oyida boshlanishi kerak.

Loyiha bo‘yicha yaqin ikki oy ichida malakali loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bosh reja hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Kinoindustriyaga aloqador, hozirda bo‘sh turgan obyektlarni ochiq savdolarga chiqarish topshirildi.

Shuningdek, Mirziyoyev yaqinda ta’mirlangan “Ko‘hinur” sanatoriysini kino sohasi vakillariga foydalanish uchun berish haqida ma’lum qildi. Har yili kinostudiyalar va sohaga aloqador boshqa tashkilotlarning 300 nafar xodimi O‘zbekiston sanatoriylarida bepul dam olishi va davolanishi mumkin bo‘ladi.

Kino sohasidagi professional hamjamiyatni birlashtirish maqsadida kinoijodkorlar uyushmalari va kinoindustriya vakillari negizida Kinoindustriya vakillari palatasi tashkil etiladi.

Palata sohani o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish, mualliflarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish, shuningdek, yoshlarga o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirish va xorijda ta’lim olishni tashkil etishda yordam berish bilan shug‘ullanadi. Prezident palata faoliyatini bir oy ichida yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.

Prezident professional kino tanqidchiligi va sohaga ilmiy-tahliliy yondashuvni rivojlantirish uchun “Kinshunoslar klubi” tashkil etilishini ham ma’lum qildi. O‘zbekfilm kompaniyasi klubning Xalqaro kino tanqidchilari federatsiyasiga (FIPRESCI) qo‘shilishiga yordam beradi.

Yana bir tashabbus kinoindustriyaga yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Yaqin bir oy ichida sohaga sun’iy intellektni tatbiq etishga yo‘naltirilgan hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Dastur doirasida yangi o‘quv dasturlarini yaratish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini xorijda oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, prezident O‘zbekfilm nomini milliy kinoning yagona brendi sifatida mustahkamlashni taklif qildi. Ushbu nom Kino san’ati muzeyiga, Kino san’ati saroyiga (sobiq Panorama kinoteatri — Spot), Milliy kino fondiga, shuningdek, kinostudiya joylashgan Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi ko‘chaga beriladi.


Avvalroq Spot O‘zbekfilm barcha filmlarni suratga olishni xususiy kinostudiyalarga topshirishi haqida yozgandi.