Toshkentda metro bilan integratsiyalashgan “Choshtepa” temir yo‘l bekati foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” korxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda yo‘lovchilar shaharlararo elektropoyezdlardan tushib, to‘g‘ridan to‘g‘ri metro tarmog‘iga qulay tarzda o‘tishlari mumkin. Yangi transport almashinuv tuguni yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqtini tejash hamda shahar jamoat transportidan samarali foydalanishga xizmat qilishi aytilgan.

E’lon qilingan harakat jadvaliga ko‘ra, poyezdlar “Choshtepa” bekatidan Toshkentga qarab soat 06:18, 07:10, 08:47, 16:12 hamda 17:53 da jo‘naydi. Toshkentdan qaytish qatnovlari esa ushbu bekatdan 09:29, 13:09, 18:53, 19:07 va 20:13 da amalga oshirilishi belgilangan.

Kompaniya xabarida qayd etilishicha, qulay va xavfsiz transport xizmatlarini rivojlantirish borasidagi ishlar davom ettiriladi. Shaharlararo poyezdlar harakat jadvali bilan onlayn platforma orqali tanishish mumkin.

Avvalroq Parkent-Toshkent-Parkent yo‘nalishida elektr poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.