Facebook va Instagram’ning bosh kompaniyasi Meta direktorlar kengashi bosh direktor Mark Sukerbergning Kaliforniyada qolishi va kompaniya shtab-kvartirasidan ishlashini ta’minlashga qaratilgan kelishuvni ma’qulladi.

Taklif unga ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan yangi turdagi aksiyalarni sotish orqali $20 mlrd gacha mablag‘ni naqdlashtirish imkonini beradi. Bu qaror, jumladan, Kaliforniyada milliarderlar boyligiga soliq joriy etilishi ehtimoli bilan bog‘liq.

Kelishuv doirasida Meta yangi turdagi — Class C aksiyalarini joriy etishni taklif qildi. Ushbu aksiyalar iqtisodiy manfaat beradi, biroq ovoz berish huquqiga ega emas.

Shu orqali Sukerberg kompaniyadagi ovoz berish nazoratini saqlab qolgan holda aksiyalarining bir qismini sotishi va mablag‘ olishi mumkin.

Kelishuvga ko‘ra, Sukerberg sakkiz yil davomida Kaliforniyada yashashi va kompaniyani shu yerdan boshqarishi kerak. Ayrim jiddiy, oldindan ko‘zda tutilmagan holatlar uchun istisnolar ham nazarda tutilgan.

Qolgan aksiyalarni sotish imkoniyati esa sakkiz yillik davr davomida kelishuv shartlariga rioya qilinishiga bog‘liq. Biroq bu unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri $20 mlrd pul berilishini anglatmaydi — gap aksiyalarni sotish orqali shuncha mablag‘ni naqdlashtirish imkoniyati haqida bormoqda.

Kelishuvning asosiy sabablaridan biri Kaliforniyada milliarderlar boyligiga soliq joriy etish taklifidir. 2026-yil 3-noyabrda shtatda ovozga qo‘yilishi rejalashtirilgan tashabbus milliarderlarning boyligiga bir martalik 5% lik soliq solishni nazarda tutadi. Biroq ushbu taklif hali qabul qilingan emas.

Sukerberg boyligining katta qismi Meta aksiyalariga bog‘langan. Shu sababli yangi soliq joriy etilsa, u katta miqdorda soliq to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Aksiyalarni ko‘p miqdorda sotish esa uning kompaniyadagi ovoz berish nazoratiga ta’sir qilishi ehtimolini tug‘diradi. Meta hujjatlarida Sukerberg shtab-kvartiradan uzoqda yashash variantini ko‘rib chiqqani qayd etilgan. Kompaniya direktorlar kengashi esa uning Kaliforniyada qolishini muhim deb hisoblagan.


Avvalroq Spot Meta kamerasi bo‘lmagan aqlli ko‘zoynak tayyorlayotgani haqida yozgandi.

U Meta AI chat-boti bilan qulay muloqot qilish imkonini beruvchi oltita mikrofon va yo‘naltirilgan dinamiklar bilan jihozlanadi.