Apple iPhone Duo uchun Reachability rejimini tayyorlamoqda. U tashqi ekrandagi kontentni chapga yoki o‘ngga surish imkonini beradi. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman Power On xabarnomasida ma’lum qildi.
Funksiya buklanadigan smartfondan, jumladan, chap qo‘l bilan bir qo‘lda foydalanishni osonlashtirishi kerak. Oddiy interfeysda navigatsiya paneli va boshqa boshqaruv elementlari tashqi displeyning o‘ng tomonida joylashgan.
Sentabr oyidagi taqdimotdan so‘ng, elementlarning bunday joylashuvi chap qo‘l bilan foydalanadiganlar uchun qurilmani ishlatish noqulay bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni keltirib chiqardi.
Biroq Gurmanning ta’kidlashicha, dastlabki fikrlar va kundalik foydalanish tajribasi muammo kutilganidan unchalik jiddiy emasligini ko‘rsatgan.
Ichki ekranda ham bu masala unchalik dolzarb emas, chunki ochilgan smartfondan ko‘pincha ikki qo‘l bilan foydalaniladi. Yangi rejim aynan tashqi displeyga tegishli.
Reachability nomi iPhone’da allaqachon mavjud bo‘lgan funksiyani eslatadi. U bosh barmoq bilan ekranning kerakli qismlariga osonroq yetib borish uchun ekrandagi kontentni pastga tushiradi.
Funksiya Home chizig‘i bo‘ylab pastga surish yoki Touch ID tugmasini ikki marta bosish orqali faollashtiriladi. Duo versiyasida esa kontentni gorizontal yo‘nalishda ham surish mumkin bo‘ladi.
Gurman yangi rejim qachon foydalanishga topshirilishi va iOS’ning qaysi yangilanishida paydo bo‘lishini aniqlashtirmadi.
Mark Gurman Apple kelajakda bukiladigan iPhone’lar qatorini kengaytirishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, keyingi modellardan biri kattaroq displeyga ega iPhone Duo Max bo‘lishi mumkin.
Gurmanning so‘zlariga ko‘ra, ilk bukiladigan iPhone’ga nom berishda kompaniya kelajakda ushbu qatorni rivojlantirish imkoniyatini ham hisobga olgan.
Avvalroq Apple 23-oktabr kuni boshlanadigan global savdolardan oldin xaridorlarga yetib borgan bukiladigan iPhone Duo smartfonlarini faollashtirishni bloklagani haqida xabar berilgandi.