Apple kelajakda bukiladigan iPhone’lar qatorini kengaytirishi mumkin. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman ma’lum qildi.

Qayd etilishciha, keyingi modellardan biri kattaroq displeyga ega iPhone Duo Max bo‘lishi mumkin.

Gurmanning so‘zlariga ko‘ra, ilk bukiladigan iPhone’ga nom berishda kompaniya kelajakda ushbu qatorni rivojlantirish imkoniyatini ham hisobga olgan.

Taqdimotgacha Apple xodimlari qurilmani iPhone Ultra deb atagan, biroq yakunda kompaniya iPhone Duo nomini tanlagan.

Duo nomi Air yoki Pro kabi Apple’ga boshqa versiyalarni qo‘shish imkonini beradi. Gurman eng ehtimoliy variant sifatida iPhone Duo Maxni ko‘rsatmoqda. Bu smartfon kattaroq bukiladigan ekranga ega bo‘lishi mumkin.

Kelajakda texnik xususiyatlari soddalashtirilgan, nisbatan arzonroq iPhone Duo SE va ixcham iPhone Duo Mini ham paydo bo‘lishi mumkin.

Jurnalistning taxminiga ko‘ra, Mini hozirgi kitobcha shaklidagi konstruksiya emas, balki “qopqoqcha” (clamshell) formatida bo‘lishi mumkin.

Biroq Apple hozircha bunday qurilmalarni rasman e’lon qilmagan va ularning qachon chiqarilishi haqida ma’lumot yo‘q.

Apple birinchi iPhone Duoni 9-sentabr kuni taqdim etdi. U 5,4 dyuymli tashqi ekran va 7,6 dyuymli bukiladigan ichki displey bilan jihozlangan. AQSHda smartfon narxi $1999 dan, sotuvlar 23-oktabrda boshlanadi.

Gurman vaqt o‘tishi bilan iPhone Duo bukiladigan smartfonlar bozoridagi asosiy qurilmalardan biriga aylanishini kutmoqda. Uning fikricha, bunga bukiladigan formatga moslashtirilgan dasturiy ta’minot, qurilmaning sifati va mustahkamligi yordam beradi.


Avvalroq Spot Apple yangi bosh direktor Jon Ternusning maoshini e’lon qilgani haqida yozgandi.