Apple 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotida iPhone 18 Pro va Pro Max, o‘zining ilk buklanuvchi smartfoni — iPhone Duo, yangi Apple Watch hamda boshqa devayslarni namoyish etdi. Spot yangi mahsulotlar haqidagi eng muhim ma’lumotlarni to‘pladi.

iPhone 18 Pro va Pro Max

Apple iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlarini taqdim etdi. Asosiy yangilik — 48 MP Fusion asosiy kamera va o‘zgaruvchan diafragma. Qorong‘ida diafragma kengroq ochilib, taxminan 50% ko‘proq yorug‘lik o‘tkazadi.

Kamera Pro Controls rejimiga ega bo‘lib, oq balansi, ekspozitsiya va diafragmani qo‘lda sozlash mumkin. SI asosidagi fokus tizimi obyekt vaqtincha kadrdan chiqib ketganida ham uni fokusda ushlab turadi. Shuningdek, 4K Dolby Vision HDR taymlaps va 60 kadr/soniyagacha videolarga sekinlashtirish effekti qo‘shildi.

Dynamic Island hajmi 20% ga kichraytirildi. Uning atrofida bir vaqtning o‘zida uchtagacha Live Activity vidjeti ko‘rsatilishi mumkin.

Smartfonlar 2 nanometrlik A20 Pro chipi bilan jihozlangan. Apple grafik unumdorlik 40% gacha oshganini bildirgan. Yangi chip yirik SI modellarini bevosita smartfonda ishga tushirish imkonini beradi.

Uzoq yuklamalarda barqaror ishlash uchun sovutish tizimi yangilandi. iPhone 18 Pro’dagi bug‘ kamerasi iPhone 17 Pro’nikidan uch baravar katta.

Batareya video tomosha qilishda iPhone 18 Pro’da 36 soatgacha, Pro Max’da 45 soatgacha yetadi. Smartfonlar taxminan 15 daqiqada 50% gacha quvvatlanadi.

Yangi Siri shaxsiy kontekst asosida ishlaydi, bir nechta ilovadan ma’lumot izlaydi va uchinchi tomon xizmatlarida amallarni bajara oladi. Ayrim AI funksiyalari serverdagi modellarga va iCloud+ xizmatiga bog‘liq.

Smartfonlar qora, kumushrang, Glacier ko‘k va bordo ranglarda chiqariladi. Oldindan buyurtmalar 12-sentabrda, sotuvlar esa 18-sentabrdan boshlanadi.

iPhone 18 Pro $1199, Pro Max esa $1299dan boshlanadi. Qatorga 2 TB xotirali versiya ham qo‘shildi.

Oldindan buyurtmalar 12-sentabrda, sotuvlar esa 18-sentabrdan boshlanadi.

Airpods 5

Apple faol shovqinni bostirishning yangi tizimiga ega AirPods 5 quloqchinlarini taqdim etdi. Kompaniya yangi quloqchinlar AirPods 4 bilan solishtirganda tashqi shovqinni 50% ko‘proq kamaytirishini, shuningdek, turli quloq shakllariga mos keladigan yanada boy va batafsil ovoz sifatini ta’minlashini ma’lum qildi.

AirPods 5 yanada mustahkam konstruksiyaga ega bo‘lib, faol shovqinni bostirish (ANC) yoqilganida to‘rt soatdan ko‘proq ishlaydi. Quvvatlash g‘ilofi bilan umumiy ishlash vaqti 20 soatgacha yetadi.

Quloqchinlar “Hey Siri” buyrug‘i orqali Siri’ni kontaktsiz chaqirish va Apple Intelligence imkoniyatlaridan foydalanadigan real vaqt rejimidagi tarjima funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

AirPods 5'ning bazaviy versiyasi $129 turadi. Qo‘shimcha funksiyalarga ega modelda ovoz balandligini bevosita quloqchin dastagidan boshqarish mumkin va uning narxi $149 dan boshlanadi.

Oldindan buyurtmalar allaqachon ochilgan, sotuvlar 18-sentabrda boshlanadi.

Apple Watch Series 12 va Apple Watch Ultra 4

Yangi Apple Watch Series 12 va Apple Watch Ultra 4 yangilangan sensorlar tizimiga ega bo‘ldi. U yurak urishini har 5 soniyada, yurak urishi variabelligini esa 24 baravargacha tez-tez o‘lchaydi.

Soatlarda organizmning yuklamalarga tayyorligini baholovchi yangi tizim ham paydo bo‘ldi. U faollik, sog‘liq va uyqu ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi.

“Salomatlik” ilovasiga esa Health Age (Salomatlik yoshi) va uzoq muddatli salomatlikni kuzatuvchi Longevity (Uzoq umr) funksiyalari qo‘shildi.

Apple Watch’ga mikrofonlar asosida yangi SI funksiyalari ham kiritildi. Soat xavf signallari, eshik qo‘ng‘irog‘i va chaqaloq yig‘isini taniydi.

Live Rewind 15 soniya ortga qaytib, aytilgan gapni matn ko‘rinishida ko‘rsatadi, Siri Recap esa suhbatning qisqacha mazmunini yaratadi. Apple audioyozuvlar saqlanmasligini ta’kidlamoqda.

Yangi ekran 60% mustahkamroq, titan korpusli versiyalar ham mavjud. Ultra 4 ikki kungacha, GPS va yurak urishini doimiy kuzatishda 18 soatgacha, energiya tejash rejimida esa 45 soatgacha ishlaydi.

Apple Watch Series 12 narxi $399 dan, Ultra 4 esa $799 dan boshlanadi. Oldindan buyurtmalar allaqachon ochilgan, sotuvlar 18-sentabrda boshlanadi.

iPhone Duo

Apple ikki ekranli birinchi buklanadigan — iPhone Duo’ni taqdim etdi. Smartfon ochilganda 7,6 dyuymli Super Retina XDR, tashqi qismida esa 5,4 dyuymli displeyga ega. Ichki ekran iPhone 18 Pro Max’nikidan 50% kattaroq.

Korpus titan materialidan tayyorlangan, ekranlar Ceramic Shield 2 bilan himoyalangan. Ko‘p qatlamli konstruksiya ekran yuzasining tekisligini saqlash va eskirishga chidamliligini oshirishga xizmat qiladi. Ochilgan holatda iPhone Duo Apple tarixidagi eng yupqa iPhone bo‘ldi. U Star White va Night Sky ranglarida chiqariladi.

iPhone Duo’da bir vaqtning o‘zida ikkita ilovani ishga tushirish mumkin. Yangi StandBy rejimi esa smartfonni musiqa, taqvim va ob-havo vidjetlariga ega stol soatiga aylantiradi.

Asosiy kamera 48 MP Fusion sensoriga ega. Shuningdek, 48 MP ultra keng burchakli kamera, yangi FaceTime kamerasi va old hamda asosiy kamerada bir vaqtda suratga olish imkonini beruvchi Dual Capture funksiyasi mavjud. Smart Take esa guruh suratlari uchun eng yaxshi lahzani avtomatik tanlaydi.

Apple yangi tizim uzoq davom etadigan yuklamalarda iPhone 17 Pro’dan 35% gacha kuchliroq ekanini ma’lum qildi. C2 modemi C1X'dan 50% gacha tezroq ishlaydi va 15% gacha kamroq energiya sarflaydi.

Ikki batareya yagona tizim sifatida ishlaydi. iPhone Duo ichki ekranda 31 soatgacha, tashqi ekranda 44 soatgacha video ko‘rsatadi. Tezkor quvvatlash orqali 20 daqiqada 50% gacha quvvat olish mumkin.

iPhone Duo butun dunyoda faqat eSIM bilan ishlaydi. U Touch ID, IP68 himoyasi va Apple Pencil qo‘llab-quvvatlashiga ega.

Narxi $1999dan boshlanadi, maksimal xotira hajmi 2 TB. Oldindan buyurtmalar 16-oktabrda, sotuvlar esa 23-oktabrda boshlanadi.