Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda atom energetikasi sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor. Bu haqda 23-oktabr kuni kompaniya bosh direktori Aleksey Lixachyov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasining to‘rtta energoblokini qurish bilan cheklanib qolmaydi.

Lixachyov atom energetikasini yanada rivojlantirish rejalarini “mamnuniyat bilan” olqishlaganini va “ortib borayotgan atom energetikasi ehtiyojlarini qondirishda faol ishtirok etishga” tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, yangi loyihalar uchun hamkorlarni tanlash O‘zbekiston tomonining vakolatida qoladi.

“Biz raqobatdan hech qanday qo‘rqmaymiz. Biroq, albatta, o‘z xizmatlarimizni ham taklif qilamiz”, — dedi Rosatom rahbari.

Uning tushuntirishicha, texnologiyalarni seriyali ishlab chiqarish ularning raqobatbardoshligi va sifatini oshiradi, shuningdek, ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tannarxini pasaytirish imkonini beradi.

Lixachyov, shuningdek, 2027-yilda O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasiga xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislar bilan dastlabki shartnomalarni tuzish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shu yili operatorlar uchun shaxsiy litsenziyalarni olish jarayoni ham boshlanadi.

“Ishonchim komilki, O‘zbekiston hozirgi rejalar va mavjud to‘rtta energoblok bilan cheklanib qolmaydi”, — deya xulosa qildi “Rosatom” rahbari.

17-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti ikkinchi AESni qurishga tayyorgarlik ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Biroq o‘shanda hamkor davlat nomi ochiqlanmagan.

Sentabr oyida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Mirziyoyevning so‘zlariga tayanib, ikkinchi atom elektr stansiyasini Xitoy bilan hamkorlikda qurish rejalashtirilayotganini aytdi. Avvalroq O‘zbekiston birinchi AES loyihasini Rossiya bilan hamkorlikda boshlagan edi.

Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev ikki atom loyihasi amalga oshirilgan taqdirda ham mamlakatning kelajakdagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkoni bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Bunga ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, sun’iy intellekt loyihalari va elektromobillar sonining ortishi natijasida elektr energiyasiga talab oshib borayotgani sabab bo‘lmoqda.


Avvalroq Rosatom rahbari O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishini moliyalashtirishda xalqaro institut ham qatnashayotgani haqida aytgandi.