Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi Xitoy bilan hamkorlikda qurilishini ma’lum qildi. Bu haqda u 8-sentabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan Serbiya-O‘zbekiston biznes-forumida ma’lum qildi.
Vuchich Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatining mazmunini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev unga atom energetikasini rivojlantirish rejalari haqida gapirib, hatto ikkita loyihaning amalga oshirilishi ham mamlakatning kelajakdagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplay olmasligini ta’kidlagan. Serbiya prezidenti buni ma’lumotlar markazlari, innovatsion loyihalar, sun’iy intellekt va elektromobillarga bo‘lgan talab ortib borayotgani bilan bog‘ladi.
“Bitta atom elektr stansiyasini rossiyaliklar bilan, yana bittasini xitoyliklar bilan quryapman, lekin bu menga yetarli emas. Men bu loyihalarni tugatgunimcha ham qurishni davom ettiraman, ishlashda davom etaman”, — deya Vuchich Mirziyoyevning so‘zlarini keltirdi.
Vuchich gaz masalasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, u Mirziyoyev bilan gaz narxlarini muhokama qilgan. Hozirda 1 ming kub metr gaz narxi $890 ni tashkil etmoqda.
Serbiya prezidenti O‘zbekiston uchun gaz masalasidagi vaziyat mamlakatning o‘z gaziga ega ekani sababli nisbatan qulayroq ekanini ta’kidladi.

Aleksandr Vuchich. Foto: Prezident matbuot xizmati
“Albatta, biz ham, ular ham uni ancha arzonroq olishadi, chunki bizda Rossiya gazi bor, ularda o‘z gazi va boshqa hamma narsa bor va vaziyat biroz boshqacha, ular uchun biroz osonroq va qulayroq”, — dedi Vuchich.
Serbiya prezidenti O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi texnologiyalar sohasidagi hamkorlik salohiyatini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval tomonlar sun’iy intellekt, biotexnologiya va AKTga alohida e’tibor qaratgan. Vuchichning fikricha, mamlakatlar texnologiyalar almashishi va ma’lumotlar markazlari uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirishi mumkin, biroq buning uchun katta hajmdagi energiya va yirik investitsiyalar talab etiladi.
17-avgust kuni Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. Prezident bu loyiha qaysi davlat bilan amalga oshirilishini ochiqlamagan. Iyun oyida u, shuningdek, Rossiya bilan amaldagi AES loyihasi oxirgisi bo‘lmasligini va mamlakat atom energetikasini rivojlantirishda davom etishini aytdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES uchun muhandislik infratuzilmasini yaratish boshlangani haqida yozgan edi.