Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda yangi atom elektr stansiyalari qurilishini e’lon qildi. Bu haqda prezident 5-iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasi “energiya himoyasi uchun strategik muhim loyiha” hisoblanadi, chunki yaqin 10-yil ichida O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji ikki baravar oshishi mumkin.

Atom energetikasiga qiziqish uranning katta zaxiralari mavjudligi bilan ham izohlanadi: mamlakat zaxiralari bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda, uni qazib olish bo‘yicha esa 5-o‘rinda turadi.

Prezident bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uzoq vaqt muhokama qilganini va loyiha boshlanishidan oldin Toshkentda kadrlar tayyorlash uchun MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti filialini ochishni so‘raganini ta’kidladi.

“Bizda Sovet Ittifoqi davrida tinch yadro fani bo‘yicha juda kuchli maktab bor edi. Afsuski, bularning barchasi, yumshoq qilib aytganda, unutilgan edi va biz ularni qaytadan tiklashga majbur bo‘ldik. Filialni ochganimizda, biz barcha vakolatlarni tikladik va ilmiy bazani yaratdik”, — dedi u.

Bugungi kunda MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filialida 300 nafar talaba tahsil olmoqda, bitiruvchilar soni esa 150 nafarga yetdi. Bundan tashqari, MMFI bilan yana 400 nafar o‘zbekistonlik talabani Moskvada o‘qitish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbari “ulkan va noyob” loyiha bilan uzoq vaqt davomida shug‘ullanganini ta’kidladi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yish marosimidan so‘ng prezident, vaqt allamahal bo‘lishiga qaramay, Jizzax viloyati rahbariyati bilan ham suhbatlashdi. “Odamlar ketmadi, odamlar chiqish qildi, odamlar xursand bo‘ldi, chunki bu kelajak istiqboli”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Aytmoqchimanki, bu Rossiya bilan atom elektr stansiyalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan so‘nggi qo‘shma loyiha emas. Biz kelgusida ham boshqa stansiyalar qurishni, bu yo‘nalishni rivojlantirishni davom ettiramiz, chunki buning uchun mustahkam zamin va baza yaratdik: o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, kadrlar tayyorlandi va xodimlar tarkibi shakllantirildi. Endi vazifamiz — loyiha ijrosini jadallashtirish. Kecha biz Vladimir Vladimirovich [Putin] bilan ham shu haqda so‘zlashdik: bu masalani eng yuqori nazoratda ushlab turamiz, zero O‘zbekiston xalqi atom elektr stansiyalarini ancha vaqtdan beri kutmoqda. Yana bir bor ta’kidlayman: iqtisodiyotimiz o‘sib bormoqda va uning uchun kafolatli elektr ta’minoti g‘oyat muhim”, — dedi Mirziyoyev.

Bundan tashqari, kecha O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari O‘zbekistonning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa yirik loyihalarni muhokama qildilar.

Mirziyoyev 4-iyunni tarixiy kun deb atadi va rossiyalik hamkasblarini integratsiyalashgan AES qurilishi boshlangani bilan tabriklab, O‘zbekiston fuqarolari ushbu loyihani ko‘tarinki ruhda qabul qilganini, uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat energetika xavfsizligi va energetik himoyasining muhim asosi bo‘lishini ta’kidladi.

Tinch atom

2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.

Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi.

Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.

Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.

Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.

Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.

4-iyun kuni O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlandi. Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi betonning ramziy quyilishi stansiya qurilishining rasmiy boshlanishini belgilab berdi.


Avvalroq O‘zatom direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda AES elektri narxi kVt/soat uchun 1000 so‘mdan past bo‘lishini ma’lum qilgandi.