Raqobat qo‘mitasiga Eda AI mobil ilovasi faoliyati yuzasidan iste‘molchilardan 10 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xabar berdi.
Murojaatlarda foydalanuvchilar bir oylik obuna uchun 38 ming so‘m to‘lashga rozilik bildirganiga qaramay, karta ma‘lumotlari kiritilganda yoki Payme, Click va boshqa to‘lov usullari tanlanganda ularni oldindan xabardor qilmasdan va qo‘shimcha roziligisiz bir yillik obuna puli yechib olingani qayd etilgan.
Shuningdek, ayrim holatlarda obuna uchun bank kartasidan mablag‘lar takroran yechib olingani, obunani bekor qilish yoki asossiz yechilgan pullarni qaytarish imkoniyati mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchining aloqa ma‘lumotlari va foydalanuvchilar bilan qayta aloqa o‘rnatish mexanizmi mavjud emasligi, mablag‘larni qaytarish bo‘yicha murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotgani bildirilgan.
Murojaatlarda ilovadan foydalanishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish va telefon raqamini kiritish talab etilishi, shundan keyin esa obuna uchun to‘lov qilish zarurligi ham qayd etilgan.
Ilova faoliyatida texnik xatolar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasini hisoblashda noaniqliklar mavjudligi ko‘rsatilgan.
Qo‘mita reklama materiallarida xizmat shartlari haqida to‘liq va aniq ma‘lumot berilmaganiga ham e‘tibor qaratdi.
Xususan, “Ilovani hozir yuklab oling va bepul sinab ko‘ring”, “Oson ozing” kabi reklama da‘vatlari foydalanuvchilarda xizmatdan foydalanish shartlari yuzasidan noto‘g‘ri tasavvur shakllantirishi mumkinligi qayd etilgan.
Mazkur holatlar “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun talablari asosida o‘rganildi.
Unga ko‘ra, iste‘molchiga xizmat haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma‘lumot berilishi, xizmat belgilangan muddat, hajm va sifatda ko‘rsatilishi kerak.
O‘rganishlar yakunida Raqobat qo‘mitasi Thinkuning Apps korxonasiga Eda AI ilovasidan foydalanishda iste‘molchilar murojaatlarida qayd etilgan hamda ularning manfaatlariga zid bo‘lgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma yubordi.
Shuningdek, kompaniyaga iste‘molchilar bilan munosabatlarda hamda reklama va marketing tadbirlarini amalga oshirishda tegishli qonunlar talablariga qat‘iy rioya qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye platformalarini o‘rganishni boshlagani haqida yozgandi.