Raqobat qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarini o‘rganishni boshladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2026-yil boshidan buyon telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha iste‘molchilardan 1 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobar ko‘p.

Tahlillar davomida ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida tariflar va narxlar, xizmat ko‘rsatish shartlari, ommaviy oferta hamda boshqa zarur ma‘lumotlar to‘liq joylashtirilmagani aniqlangan.

Shuningdek, ayrim ma‘lumotlar davlat tilida taqdim etilmayotgani qayd etilgan.

Qo‘mita striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarida iste‘molchilar uchun zarur ma‘lumotlarning taqdim etilishi hamda ularning qonunchilik talablariga muvofiqligini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan mobil ilova va veb-saytlardagi ma‘lumotlarni to‘liq taqdim etish hamda ularni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish talab etildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma‘lumot taqdim etiladi.

Spot yanvar oyida mahalliy va chet el striming xizmatlariga obuna bo‘lish narxi, kontent miqdori va sifati haqidagi ma’lumotlarni to‘plagandi.

Avvalroq O‘zbekistonda xorijiy raqamli platformalar uchun monopoliyaga qarshi tartib o‘rnatilishi haqida xabar berilgandi.